00:49 / 17.03.2018
9905

Misrda ikkinchi nikohini yashirgan erkaklarni qamash taklif etildi 

Foto: Sondem

Misr parlamenti deputatlari yangi fuqarolik kodeksi loyihasiga tuzatmalarni ko‘rib chiqishmoqda. Ushbu kodeks yashirincha ikkinchi xotinga ega bo‘lishga qaror qilgan erkaklarga qamoq jazosini ko‘zda tutadi. Bu haqda misrlik deputat Sulaf Darvish ma'lum qildi. 

“Yangi qonun loyihasining maqsadi oila va bolalarni himoya qilish, oila manfaatlarini er-xotinning birining manfaatlaridan ustun qo‘yishdan iborat”, deb aytgan Darvish.

Darvishning aytishicha, kodeksning yangi versiyasi birinchi rafiqasidan yashirin holda ikkinchi rafiqaga ega bo‘lgan erkakni 6 oyga ozodlikdan mahrum etish bilan jazolashni ko‘zda tutadi. Shuningdek, qonun loyihasida birinchi rafiqa erining ikkinchi xotin olish istagidan boxabarligiga ishonch hosil qilmay nikohni qayd qilgan amaldor shaxsga jarima solishni ko‘zda tutadi.  

Misrda ko‘plab arab davlatlari kabi ko‘pxotinlikka qonunan ruxsat berilgan. “Al-Ahram” nashri ma'lumotlariga ko‘ra, uylangan misrlik erkaklardan 4 foizga yaqini bir nafardan ko‘proq xotinga ega. Ko‘pincha moddiy ehtiyoj sezuvchi bevalar yoki ajrashgan ayollar ikkinchi xotin bo‘ladilar.

E'tiborlisi, amaldagi qonun erkaklarga ikkinchi xotin olayotganida birinchi xotinidan ruxsat so‘rashni talab qilmaydi, biroq ular bu haqda birinchi xotinlarini xabardor qilishlari lozim.

Deputatning aytishicha, ba'zi noinsof erlar ikkinchi nikohini yashirish uchun firibgarlikka boradilar. Jumladan, ikkinchi nikoh qayd qilinayotganda erkaklar birinchi rafiqasining manzilini ataylab noto‘g‘ri ko‘rsatadilar va tegishli ogohlantirish noto‘g‘ri manzilga jo‘natiladi. 

Mavzuga oid
Top