23:00 / 20.03.2018
12659

Kun.uz’ga murojaatdan so‘ng ichimlik suvi muammosi hal qilindi

Andijon shahri yaqinidagi Bog‘ishamol dahasi deyarli adirliklarga joylashgan. Past-balandliklardan iborat hududda oqin suv deyarli yo‘q bo‘lib, ichimlik suvi nasoslar yordamida chiqariladi.

Kun.uz tahririyatiga dahaning Yangi hayot mahallasi 9-tor ko‘chada yashovchi aholi vakillaridan murojaat kelib tushdi.

Arznomada mazkur 9-tor ko‘chaning yuqori qismiga ichimlik suvi yetib bormayotgani, shu sabab oilalar suvni pulga sotib olayotgani bayon qilingan edi. Aholi vakillari muammoni hal etish uchun turli idoralarga ko‘p bora murojaat qilsada hech qanday samarasi bo‘lmayotganini aytgan. 

Kun.uz muxbirlari yechim kutayotgan holat bilan tanishgani Yangi hayot mahallasiga bordi.

9-tor ko‘cha adirlikda joylashgan bo‘lib, xonadonlar yuqori tepaliklarda joylashgan. Darhaqiqat, hududdagi 40ta xonadon oxirgi ikki yil davomida ichimlik suvi yetishmasligi bilan qiynalib keladi. Ularga shahar suv oqova korxonasi haftada ikki marta suvni mashinada yetkazib berib turar ekan. Boshqa kunlari esa aholi suvni 200 metr pastdagi suv manbasidan tashiydi.

Mahalla ahli bilan muammoli holatni o‘rganish jarayonida o‘sha yerga Andijon shahar «Suv oqova» korxonasi rahbari Humoyun Alimov hamda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mansurbek Bahromov yetib kelishdi.

Biz xonadonlar uchun ko‘pdan beri kutilayotgan «mutasaddi va aholi uchrashuvi»ni tashkil etib berdik, chog‘i.. Har ikki tomon uzoq vaqt davomida muammolarni hal etish bo‘yicha suhbat olib bordi.

Andijon «Suv oqova» korxonasi o‘sha kunning o‘zida mahallaga suv quvuri keltirishi va ko‘chaning 400 metr yuqori tomoni kavlanib, quvurlar yotqizilishini bildirdi. Mutasaddilar va'dasini olgach, aholi vakillari quvurlar uchun qazish ishlariga ko‘chadagilarning o‘zlari ham yordam berishlarini aytishdi.

Qarangki, ma'sul shaxslar tomonidan joyiga borib o‘rganilgan vaziyat samarasini ko‘rsatdi. Chunki, shu kunning o‘zidayoq aholidan ko‘chaga suv quvurlari keltirilib, yotqizish ishlari boshlangani haqidagi fotosuratlarni oldik

Saytimizga aholi tomonidan tushayotgan muammolar bilan tanishgach, turli idora va tashkilotlarning joylarga borib, aholi murojaatlarini o‘rganib kelayotgani haqidagi xabarlarga salbiy qarashga to‘g‘ri kelmoqda. Yoki aholida muammolar soni juda ko‘p. Fikrimizcha, har qanday vaziyatda ham aholining murojaatini o‘sha joyning o‘ziga borib o‘rganish barobarida hal qilishga ham e'tibor qaratish kerak.

 

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top