00:38 / 20.03.2018
8608

Oltinko‘lda Navro‘z sayillari bo‘lib o‘tdi

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ishlari qizg‘in va ko‘tarinki kayfiyatda olib borildi.

Tuman ahli qishloq va mahallalarda bayram oldidan keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirdilar. Ko‘plab manzarali va mevali daraxt ko‘chatlar, rango-rang gullar ekilgan tuman ko‘chalarini aylansangiz, bayramona manzaralardan ko‘zingiz quvnaydi.

600 nafardan ziyod yoshlar “Oltinko‘l” stadionida “Assalom Navro‘z”, “Oltinko‘lda bahor” shakllarida fleshmob tashkil qilishdi.

Qoradaryo bo‘yida  asrlar osha yashab kelayotgan xalq o‘yinlari namoyish etildi. Bel olishib, bilagidagi kuchni ko‘rsatgan polvonlar bahsi davom etdi. Final bahsida oltinko‘llik polvon Shahrixondan kelgan sportchi bilan bellashib, mehmonning qo‘li baland keldi.

Bahorgi tengkunlik - Navro‘z ayyomining asosiy tantanalari tuman markazidagi “Oltin sohil” madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazildi.

Tadbir avvalida so‘z olgan tuman hokimi Baxtimurod Karimov yig‘ilganlarni bahor ayyomi bilan qutladi. Shundan so‘ng tuman madaniyat uyining badiiy havaskorlari, ijodiy jamoalar hamda xalq ta'limi muassasalari tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan “Assalom Navro‘z” deb nomlangan konsert dasturi namoyish qilindi.

Dasturdan o‘rin olgan asriy an'analarimizni ifoda etuvchi xalq qo‘shiqlari, aytishuv, o‘lan, laparlar yig‘ilganlarni xushnud etdi. Sho‘h qo‘shiqlar yangrab, barchani davraga tortdi.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Top