16:40 / 20.03.2018
29100

«Zo‘raki boy». Yana isrofgarchilik marosimlari haqida

1914 yilda haqparvar ajdodimiz Mahmudxo‘ja Behbudiy «Oyna» jurnalida «Zo‘raki boy» sarlavhali maqola e'lon qilgan. Unda shunday jumlalar bor: «Chunonchi, «Zo‘raki boy» janoblarini o‘n ming so‘mlik merosi, bog‘ va xonasi bor edi. Bu odam agarda bog‘ini yaxshi ishlatsa, muvofiqi shariat va insof tiriklik qilsa, isrofgarlik etmasa, to‘y va azo deb o‘zini barbod etmasa, albatta ortdurardi. Bu odam o‘zidek va hatto, o‘zidan oz nimarsalik kishilarni ko‘rarga o‘g‘ul to‘yig‘a ikki-uch ming so‘m sarf etar. O‘g‘lig‘a xotun olib bersa yana bir, ikki, uch ming so‘m sarf etar. Bir o‘luk ko‘msa, besh-olti yuz so‘m xarj etar. Hatto, olti oylik balasini sochini olganda va yo olti kunlik balasini beshikg‘a bog‘laganda bir-ikki yuz so‘m sarf etar. Fotiha, chanladi, dubora-talabon, kalutapo‘shon, mo‘ylabgiron… va boshqalarini nari qo‘yduk, xulosa, bechora o‘n ming so‘mlik mulkdor qaraydurki, ish bo‘lmaydur. O‘g‘ul va qizlar katta bo‘lub turubdur. To‘y lozim, xatna, nikoh, uning orqasidan keti uzulmas bir suruk ma'raka va qoidalar lozim. Ko‘bdan chiqib bo‘lmaydur. Bechora odam o‘ylavg‘a tushar. To‘y qilmoq uchun bir-ikki tanob bog‘dan va yerdan sotsa, ko‘zi qiymaydur. To‘y qilmasa, bo‘lmaydur...»

Har holda bu zo‘raki boyning bog‘iyu ozroq mablag‘i bor ekan. Bog‘i yo‘qlar nima qiladi?! Nima qilayotganini aytmasak ham o‘zingiz ko‘rib, bilib turibsiz. Eldan qolmay deb, umr bergan bo‘lsa, amallab yashaydi yoki... Xayriyatki, bu muammoga hukumat darajasida e'tibor qaratilayotir. Yo‘qsa, Behbudiy aytmoqchi ming yillardan beri «to‘y qilmasa bo‘lmaydurg‘on» xalqimiz yana ming yillar «o‘ylavg‘a tushardi».

Top