09:30 / 21.03.2018
14178

Buxoro - Miskin yangi temir yo‘l liniyasida yo‘lovchi poyezdlar harakati boshlandi

Foto: Xalq so‘zi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 13 martdagi “Buxoro-Miskin temiryo‘l liniyasini qurish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra bunyod etilgan mazkur yangi temir yo‘l liniyasining umumiy uzunligi 355 km.ni tashkil etadi. 

Uning 335 kilometrida yangi po‘lat izlar yotqizilgan bo‘lsa, 20 km masofadagi temir yo‘l tubdan ta'mirlandi. Qurilish-montaj jarayonlari Buxoro tumanidan Miskin bekatigacha bo‘lgan oraliqda, bir vaqtning o‘zida har ikki tomonda olib borildi. Mazkur yo‘nalishda 121 ta sun'iy inshoot, 12 ta ko‘prik va 6 ta yo‘l o‘tkazgich qurib bitkazildi. Loyiha doirasida 21, 2 mln kubometr hajmdagi tuproq ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga ushbu yo‘nalishda 5 ta stansiya (Yangiobod, Tuztepa, Uchachiq, Suzakdor, Dautepa) va shuncha ra'yezd ( Mashak, Azanir, Alabuga, Jakasay, Akchuka) ham barpo etildi.
    
2017 yil  1 dekabridan boshlab, mazkur temir yo‘l liniyasi orqali yuk poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi.

2018 yilning 20 martidan boshlab Toshkent — Urganch va Toshkent —Nukus — Qo‘ng‘irot yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdlar yangi qurilgan Buxoro — Miskin temir yo‘l liniyasi orqali harakatlanishi boshlandi, deb yozmoqda “Xalq so‘zi”.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, hozirgi kunga qadar Toshkent — Urganch poyezdi 1027, Toshukent-Nukus-Qo‘ng‘irot poyezdi 1327 kilometr yo‘l bosib “Navoiy — Uchquduq — Miskin” magistrali orqali harakatlanayotgan bo‘lsa, ushbu loyihaning qurib bitkazilishi bilan poyezdlar qatnovi qariyb 100 km.ga qisqardi. Tabiiyki bu yo‘l uchun ketadigan vaqtni, yonilg‘ini va boshqa xarajatlarni tejashga zamin yaratadi.

Foto: Xalq so‘zi

Eng muhimi, Toshkent shahridan Urganch, Xiva, Nukus shaharlariga boradigan hamda mazkur shaharlardan Toshkent shahriga keladigan yo‘lovchi poyezdlarining harakatlanish vaqti qariyb 2 soatga qisqaradi. Toshkent —Saratov, Toshkent — Volgograd, Almati — Nukus, Andijon — Urganch, Nukus — Urganch — Termez poyezdlarining ham ushbu yangi liniya orqali qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Albatta, bu yurtimizda turizimni rivojlantirish, sayyohlar oqimining yanada oshishiga zamin yaratadi. 

Mazkur temir yo‘lning ikkinchi bosqichida elektrlashtirish ishlari amalga oshirilib, bu yo‘nalish orqali elektropoyezdlar hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” zamonaviy poyezdlar qatnovi ham amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Top