22:20 / 21.03.2018
17658

Fotogalereya: Namanganda Navro‘z tantanalari nishonlandi

Namangan viloyatida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan “Sumalak sayli” turizm va milliy qadriyatlar festivali ko‘tarinki ruhda nishonladi. Bu haqda “KUN.UZ” tahririyatining Namangandagi muxbiri xabar beradi.

Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i erta sahardanoq O‘zbekistondagi eng yirik sumalak pishirilayotgani daragini eshitgan minglab yoshu keksalarni, nafaqat viloyat ahli, balki respublikamizning turli hududlaridan, qolaversa Markaziy Osiyo davlatlari hamda Turkiya, Yaponiya, Rossiya, Germaniya, Gretsiya kabi xorijiy mamlakatlardan kelgan turistlarni o‘ziga chorladi.

Namangan viloyati hokimi, senator Xayrullo Bozorov o‘z tabrik so‘zida asrlardan asrlarga sayqallashib kelayotgan qadimiy va navqiron ayyom – Navro‘zi olam odamlarni mehr-oqibat, hamjihatlik, millatlaro bag‘rikenlik, bunyodkorlik, yaratuvchanlik kabi ezgu ishlarga chorlashi bilan hayotimizda alohida o‘rin tutishini ta'kidladi.

E'tirof etish joiz, Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatidan maxsus buyurtma asosida keltirgan muhtasham qozon atrofidagi sumalak sayli shukuhi jihatidan dunyoning manaman degan turizm loyihalarini ortda qoldirgani aniq. Bu fikrimizni Turkiyadan kelgan turist Mustafo Xartabi o‘g‘lining quyidagi so‘zlari ham yaqqol tasdiqlaydi:

“- Yirik ko‘lamdagi sumalak pishirilayotgani haqidagi xabarni eshitib, buni o‘z ko‘zim bilan guvoh bo‘lishi uchun Namanganga oshiqdim. Quvonarlisi, turistlar tashrifi borasida mamlakatingiz rahbariyati tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlar tufayli bu zaminga kelishimda hech qanday qiyinchiliklarga duch kelmadim. Navro‘zi olam O‘zbekistonda odamlarning o‘zaro ahilligi va uyushqoqligi, bir-birlarini sidqidildan tabriklashlari, eng samimiy tilaklarini yo‘llash asnosida nishonlanishi, katta tantana bilan bayram qilinishi e'tiborimni tortdi. Mazkur bayramni jahonning ko‘pgina davlatlariga namuna tarzida ko‘rsatishga arziydi”.

21 mart tongida yaxshi niyatlar bildirilib, nuroniylar duosi bilan qozon o‘ramasi ochildi. Sumalakning asosiy qismi viloyatdagi mehribonlik, saxovat uylari, shifoxonalar va mehr-muruvvatga ehtiyojmand oilalarga yetkazildi. Shuningdek, turistlar va viloyat ahli ham bahoriy taomdan bahramand bo‘lishdi. Mehmonlarga 20 mingga yaqin bir martalik idishlarda sumalak tarqatildi.

Bahriddin Chustiy, loyiha tashkilotchisi:

“- Eng avvalo shuni aytish kerakki, 5 tonnalik sumalak Ginnesning rekordlar kitobiga kirish uchun emas, balki xalqimizga bayramona shukuh va bahoriy kayfiyat ulashish uchun pishirildi. Mega-sumalak tayyorlash g‘oyasi “Namangan kitob olami” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari, deputat Ma'rufjon Mo‘minovdan chiqqan edi. U kishi menga bu haqda qo‘ng‘iroq qilib, g‘oyani tatbiq etishni so‘radi. Ezgu loyiha Namangan viloyat va shahar hokimliklari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi”.

Festival doirasidagi “Do‘ppiday osh” ko‘rik-tanlovi ko‘pchilikning e'tiborini tortdi. Unda dunyo tan olgan oshpaz Bahriddin Chustiy boshchiligidagi 27 nafar mohir pazanda oz masalliq, ya'ni 250 gramm guruchdan osh pishirish mumkinligini isbotlay oldilar. “Tandir shou” bellashuvi esa novvoy va somsapazlar mo‘'jazgina tandirda taomlar tayyorlab, mahorat ko‘rsatdilar.

Navro‘zi olam mehr-oqibat, saxovat kabi insoniy fazilatlarni o‘zida mujassam etishi bilan e'tiborga molik. Bayram bahona viloyat markazidagi 10 nafar bolakayning xatna to‘ylari nishonlanib, ularning har biriga 3 million so‘mlik omonat daftarchalari ochildi. 2 nafar kelin-kuyoning nikoh to‘yi munosabati bilan yoshlarga to‘yga to‘yona tariqasida mebellar to‘plami, kir yuvish mashinasi va 3 million so‘m tortiq qilindi. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori ijrosi doirasida 50 nafar nogironligi bor kishilarga aravachalar berildi.

“Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!” degan ezgu g‘oya asosida nishonlangan bayram sayillari “Kichkintoylar bog‘i” va “Yoshlar xiyoboni”da, viloyatning barcha tumanu qishloqlarida ham ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Unda turli millatlarga mansub yurtdoshlarimiz ishtirokidagi “Qudratimiz birlik va hamjihatlikda” shiori ostidagi bayram tomoshalari, ansambl, folklor, xalq etnografik va sirk jamoalari, taniqli estrada xonandalari, elimiz ardog‘idagi adib va shoirlar, ma'naviyat targ‘ibotchilarining chiqishlari barcha-barchada bayramona tarovat ulashdi.

Oqilxon DADABOYeV,

jurnalist.

Top