15:40 / 21.03.2018
15276

Toshkent xalqaro konferensiyaga tayyorlanmoqda. Prezident matbuot kotibi ishtirokchilar ro‘yxatini ma'lum qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Komil Allamjonov rasmiy sahifasi orqali 26-27 mart kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya haqida ma'lumot berdi.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuidagi konferensiya xalqaro doirada katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki bu konferensiya nafaqat mintaqamiz, balki boshqa hududlarga ham ta'sir o‘tkazayotgan Afg‘oniston masalasiga bag‘ishlangan.

Ushbu xalqaro anjuman 26-27 mart kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Unda 20 dan ortiq davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari ishtirok etadi. 

Jumladan, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani, BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili Tadamiti Yamamoto, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini Toshkentga keladi. 

AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennon, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Javad Zarif, Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Asif ham konferensiyada qatnashishini tasdiqlagan. 

Shuningdek, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Hindiston, Yaponiya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlar delegatsiyalari qatnashishi rejalashtirilgan.

Toshkent konferensiyasiga dunyo ommaviy axborot vositalari ham katta e'tibor qaratmoqda. Mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan ommaviy axborot vositalari vakillaridan tashqari «VVS», «DPA» «Deutsche Welle», «Times», «The New York Times», «NHK», «Jenmin jibao» kabi nufuzli xorijiy OAVlar konferensiyani yoritish istagini bildirgan», deyiladi xabarda.

Foto: Prezident matbuot kotibi
Top