11:30 / 22.03.2018
30110

Chiqindi inqirozi. Moskva viloyatida bolalar ommaviy zaharlanishi ortidan g‘azabga mingan xalq hokimni urdi

21 mart kuni Moskva viloyati, Volokolamsk shahridagi markaziy shifoxonaga turli maktablardan 50 nafardan ortiq bola olib kelindi. Ular o‘zlarini juda yomon his qilar, ko‘ngli aynib qusar va burunlaridan qon ketardi. Moskvadan 100 kilometr masofada joylashgan, 20 ming kishi istiqomat qiladigan bu shahardagi № 2 maktabning 23 nafar o‘quvchisi shoshilinch tarzda shifoxonaga yotqizildi. Avvaliga ular maktabda gaz ballonidan gaz sizib chiqishi oqibatida zaharlangani tusmol qilingandi. Kunning ikkinchi qismida shahar shifoxonasiga bosh aylanishi va qusishdan shikoyat qilayotgan yana 34 nafar maktab o‘quvchisi murojaat qildi.

Foto: TASS, Mixail Pochuyev

Volokolamsk shahri meri Petr Lazarev RBK uchun bergan intervyusida bolalarning ahvoli og‘irligi haqida ma'lumot berdi: «Vaziyat juda og‘ir. Bolalar maktablardan o‘nlab tez tibbiy yordam mashinalarida olib kelinmoqda. Qabulxona ota-onalar bilan to‘lgan, ular bolalarga aniq tashxis qo‘yilishini talab etishmoqda. Vrachlar bu zaharlanish ekanini aytishmoqda».

Mahalliy aholi vakillari bolalarning ahvoli yomonlashishini «Yadrovo» poligoniga tashlangan chiqindilardan tarqalgan gaz bilan bog‘ladi (poligon shahardan 3,3-4 km masofada). Volokolamsk tumani ma'muriyati 21 mart kuniga o‘tar kechasi katta miqdordagi gaz chiqindilari tarqalganini tasdiqladi. Tuman hokimiyati matbuot xizmatiga ko‘ra, voqea joyida operativ shtab faoliyat olib bordi va xavf manbalari bartaraf etildi.

«Yadrovo» poligoni
Foto: ©RIA Novosti/Maksim Blinov

Hokimiyat 21 mart kuni bolalarga maktablarga va bog‘chalarga bormaslikka ruxsat bergan. Mahalliy aholi vakillari ish joylarida niqob taqqan holda o‘tirishga to‘g‘ri kelganini ma'lum qilgan.

Tez orada shifoxona atrofida 200dan ortiq kishi to‘plandi, ular shifokorlar aniq tashxis qo‘yishini, «Yadrovo» poligoni yopilishini talab qila boshlashdi.

Foto: TASS, Mixail Pochuyev

«Meduza» nashrida yozilishicha, hokimiyat vakillari shifokorlarga bosim o‘tkazib, «bolalarning zaharlanishini poligon bilan bog‘lamasdan tashxis qo‘yishni» talab etishgan.

21 mart kuni soat 16:00da bu yerga siyosatchi Kseniya Sobchak keldi. U shifoxonada yotgan bolalarning ota-onalari va mahalliy aholining boshqa vakillari bilan gaplashdi. U shuningdek, shifoxonaning bosh shifokori, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Vladimir Yushchuk hamda viloyat ombudsmeni Marina Yudenich bilan uchrashdi.

«Men bu chiqindixona yopilishi uchun qo‘limdan keladigan barcha ishni qilaman. Biz bu masalani mutaxassislar bilan muhokama qildik, ular degazatsiya jarayoni vaqt talab etishini aytishmoqda, bir kunda natijaga erishib bo‘lmaydi, ammo Vorobev bir haftadan keyin shaharda gaz chiqindilari bo‘lmasligiga va'da qildi. Hozir biz gubernator bu va'dasini bajarishini talab qilamiz. Ular meni aldamoqchi bo‘lgan bo‘lishlari mumkin, ammo men qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman», — deya yozdi Sobchak feysbukdagi sahifasida.

Maktab o‘quvchisi Tatyana Lozova va Kseniya Sobchak
Foto: «VKontakte»

Tuman hokimi Yevgeniy Gavrilov olomon ichida qolib ketdi. Uni mahalliy aholi juda yomon qarshiladi. Odamlar tinmasdan «pozor» deya hayqirishdi, unga so‘kinishdi, tahdid qilishdi, uning boshiga urishdi, hokim kaltaklanishiga bir baxya qoldi.

Tez orada OMON avtomobillari hamrohligilda Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobev ham shifoxonaga keldi. U jabrlangan bolalarni shahardan bolalar lageriga olib borishga va Volokolamskda chiqindilarni saralovchi stansiya qurdirishga va'da berdi. Kameralar qarshisida gapirib bo‘lganidan keyin ortiga burilib keta boshlaganida odamlar unga qor ota boshlashdi, so‘kinish so‘zlari davom etdi.

Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobev
Foto: Mixail Pochuyev / TASS

Gubernator va hokim ketganidan so‘ng, tinch namoyish ham yakunlandi. 

Xabarlarga ko‘ra, mahalliy aholi «Yadrovo» poligoni xo‘jayinlarini sudga berishgan. Da'vo arizasida chiqindixona faoliyati aholining konstitutsion huquqlarini buzayotgani ko‘rsatilgan. 

RF bosh prokuraturasi Podmoskove prokuroriga Volokolamskdagi hodisa bo‘yicha shikoyatni o‘rganishni topshirgan.

«Yadrovo» poligoni 2008 yilda faoliyat boshlagandi. Bu yerga Moskva shimoli-sharqidagi barcha chiqindilar tashlanadi. 2017 yil aprelida Volokolamsk tumani aholisi noxush hiddan shikoyat qila boshlagandi. Ular shu vaqtgacha bir necha marta norozilik aksiyalari o‘tkazishgan, poligonga olib boradigan avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘yishgan, ammo poligon yopilishiga Rospotrebnadzor ham erisha olmagandi.

Volokolamskliklar 1 yildan buyon «Yadrovo» poligoni yopilishini talab qiladi
Foto: Vladimir Pesnya / RIA Novosti

Qayd etish kerakki, Rossiyada o‘tgan prezidentlik saylovlarida Moskva viloyati bo‘yicha eng past davomat Volokolamsk tumanida qayd etildi.

Top