22:18 / 23.03.2018
36406

O‘zbekiston U23 - Keniya U23: afrikacha munosabat, afrikacha maydon va afrikaliklar g‘alabasi

Foto: The-uff.com

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi (ha, aynan yoshlar, olimpiya emas) Andijon shahrida Keniya yoshlariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi.

Afrikacha munosabat va afrikacha maydonda o‘tgan bahs afrikaliklar g‘alabasi bilan tugadi.

Avvalo, o‘yin o‘tkazilgan «Barkamol avlod» stadioni maydonining ahvoli juda abgorligi bilan hayratga soldi. Shudgordan farqi bo‘lmagan afrikacha maydonga Keniya yoshlari tezroq ko‘nikib olishdi. Bunday sharoitda futbolchilarimizning og‘ir jarohat olmaganiga quvonishimiz kerak.

Keniyaning kam sonli hujumlari xavfli va samaraliroq bo‘ldi. Darvozamizga urilgan gollarga himoyachilarimiz va darvozabonning qo‘pol xatolari sabab bo‘ldi.

Terma jamoamizning yagona goli 75-daqiqada Andrey Sidorov tomonidan urildi. Zabihillo O‘rinboyevning penaltidan yo‘llagan zarbasidan so‘ng, to‘pni darvozabon qaytargan vaziyatda, Sidorov unga birinchi bo‘lib yetib keldi va darvozaga kiritdi.

O‘yin vaqtining belgilanishi va translyatsiya borasida ham afrikacha munosabatni ko‘rdik. Ma'lumki, soat 20-00da boshlangan o‘yinning vaqti milliy terma jamoaning Senegalga qarshi, soat 21:30da boshlanadigan bahsi bilan to‘g‘ri kelib qolgan edi. Natijada, ikkinchi bo‘lim tugashiga 30 daqiqa qolganida, Keniyaga qarshi o‘yin translyatsiya to‘xtatildi. Bundan tashqari, o‘yin translyatsiyasining 2-bo‘limdagi sifati ham bizni o‘tgan asrning 90-yillariga qaytardi. Dam-badam uzilishlar yuz berishi natijasida, biz Keniyaga qarshi o‘yinni emas, balki yoshlar terma jamoasining Xitoyda o‘tgan Osiyo chempionatidagi bahslari lavhalarini tomosha qilib o‘tirdik! 

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bir narsada haq bo‘lib chiqdi. Afrikaning eng kuchsiz terma jamoalaridan biri O‘zbekistonga jiddiy qarshilik ko‘rsatib, munosib raqib bo‘ldi. Ustiga-ustak, Osiyo chempionini mag‘lub etdi. Shubhasiz, bu o‘yin futbolchilarimizning mahoratiga mahorat qo‘shdi. Yoki Keniyanimi?

O‘rtoqlik o‘yini
23 mart. Andijon, «Barkamol avlod» stadioni 
O‘zbekiston U23 - Keniya U23 - 1:2 
Gollar: 
Andrey Sidorov (75) - Onyango Krispinus (22), Mutamba Pistone (33)
Amalga oshirilmagan penalti: Zabihillo O‘rinboyev (75, darvozabon)

Hakamlar: Olim To‘ychiboyev, Shoxruh A'zamov, Ravshan Kapadze (barchasi Farg‘ona), Anvar Marajabov (Andijon).
Nazoratchi: Sulton Zaylobidinov (Farg‘ona).
O‘zbekiston: 12. Dilshod Hamroyev, 2. Islom Qobilov, 3. Xojiakbar Alijonov, 5. Abbos Otaxonov, 6. Azizjon G‘aniyev, 20. Doston Tursunov, 13. Aziz Turg‘unboyev, 15. Oybek Rustamov, 17. Doston Hamdamov, 9. Zabihillo O‘rinboyev, 10.Bobir Abdixoliqov (Andrey Sidorov 70).
Bosh murabbiy: Ravshan Haydarov
Keniya: 18.Ojvang Timoti Odxiambo, 14.Mayk Evans Kibvage, 12.Omvenga Timti Balton, 3.Okumu Yozef Stenli, 2.Amai Atariza, 8.Yida Sven, 19.Ibrohim Shambi Ramazoni, 16.Odnenyi Jafari Ovitti, 7.Kasuti Kliff Koroboi, 17.Odxiambo Onyango Krispinus, 9.Mutamba Pistone Vunyoli
Bosh murabbiy: Mbindyo Frensis Kimanzi
Ogohlantirish: Xojiakbar Alijonov (40)

Top