10:40 / 24.03.2018
65519

O‘zbekistonlik haydovchi tojikistonlik mehmonga qimmatbaho buyumini qaytarib berib, qahramonga aylandi

Ma'lumki, O‘zbekiston va Tojikiston o‘zaro bordi-keldi bo‘yicha tegishli hujjatlarni qabul qilgandan so‘ng, ikki mamlakat fuqarolari uchun viza rasmiylashtirmasdan qo‘shni mamlakat hududida 30 kungacha bo‘lish imkoniyati yaratildi. Buni har ikki millat vakillari katta quvonch bilan kutib oldi. 

“Xalq so‘zi” nashrining yozishicha, bunday qulaylikdan foydalangan tojikistonlik qardoshlar Navro‘z nafasi kezib yurgan shu kunlarda nafaqat Surxondaryo, Samarqand, Buxoroga, balki poytaxtga ham tashrif buyurib, sayohat qilishyapti. Diqqatga sazovor joylarni tomosha qilib, madaniy hordiq chiqarishmoqda.

Ana shunday mehmonlardan biri Tojik milliy universiteti talabasi Said Nosirxon Ma'rufzoda Toshkent shahrida o‘zi duch kelgan bir ibratli hodisa va undan olgan katta taassuroti haqida “Facebook”dagi guruhda shunday samimiy dil so‘zlarini bildirib o‘tgan:

“Assalomu alaykum! Do‘stlar Toshkentda biz bilan ro‘y bergan bir voqeani sizlarga ham aytib bermoqchiman.

Biz “Megaplanet” savdo markaziga yetib olish uchun mashina to‘xtatdik va o‘zimiz bilmagan holda unda yangi qimmatbaho smartfonimizni unutib qoldiribmiz (gap shundaki, hali O‘zbekiston sim-kartasini sotib olishga ulgurmagan edik, bizning Tojikiston sim-kartasi esa bu yerda ishlamas ekan) va o‘yladik: “Ha, mayli, nima bo‘lsa, bo‘ldi, shahar katta o‘sha mashinani baribir topa olmaymiz”. Tasavvur qilyapsizmi, oradan o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas o‘sha mashina haydovchisi savdo markaziga kelib bizni topdi hamda bizning SMARTFONni qaytarib berdi. 

Said Nosirxon Ma'rufzoda: O‘rtamizda bizning qahramon

Undan “Qanday qilib topdingiz, axir u orqa o‘rindiqda tushib qolgan edi-ku?” deb so‘radik. Shunda u bizdan keyin chiqqan mahalliy o‘zbek mijoz telefonni ko‘rib qolib, unga topshirganini aytdi. Axir topgan ham va uni olgan ham smartfonni o‘zida qoldirib bildirmasdan ketishi mumkin edi-ku (Ularning har ikkisi ham Qahramonlar, ha qahramonlar! Chunki bizning zamonimizda bunday insonlar juda kam) va o‘z vaqti hamda benzinini ayamay bizni topdiyu qaytarib berdi. Biz uni pul bilan mukofotlamoqchi bo‘ldik, bilasizlarmi, u nima deb javob qaytardi: “Biz qardosh xalqlarmiz, sizlar esa bizning mehmonimizsiz va mening o‘rnimda boshqa bo‘lganida ham xuddi shunday qilgan bo‘lardi”(shunday kamtar javob berdi) hamda mukofotni qat'iy rad etdi.

Yakunda shuni aytishni istardimki, bizni O‘zbekiston qardosh xalqi juda iliq va xursandchilik bilan kutib olyapti. Buning uchun katta rahmat!”

 

Top