12:13 / 29.03.2018
18835

Mirziyoyev TIVga Tojikiston fuqarolarining O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lib turish muddati borasida topshiriq bergan – OAV

Foto: UzReport

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat tashqi siyosat idorasiga Tojikiston fuqarolarining O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lib turish muddatini uzaytirish masalasini o‘rganib chiqish topshirig‘ini berdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov ma'lumotiga asoslanib “AR” axborot manbasi xabar berdi, deb yozmoqda “Xalq so‘zi”.

U davlat rahbari tashqi ishlar vazirligiga mazkur taklifni o‘rganib chiqib, yaqin kunlarda qaror qabul qilish topshirig‘ini berganini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident shu yil 9-10 mart kunlari Tojikistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida Imomali Rahmon hamkasbidan o‘z fuqarolarining O‘zbekiston hududida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lish muddatini uch kundan juda bo‘lmaganda bir haftagacha uzaytirish masalasini ko‘rib chiqishni so‘ragandi.

Ma'lumot uchun, har ikki davlat fuqarolari uchun viza rasmiylashtirmasdan qo‘shni mamlakat hududida 30 kungacha bo‘lish imkoniyati yaratib berilgandi. Lekin safar uch kundan ko‘p muddatda davom etadigan bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tish kerakligi to‘g‘risidagi tartib ham belgilab qo‘yilgan.

Xususan, tojikistonliklar O‘zbekistonga kelganda uch kun ichida mahalliy ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tishi lozim. Agar mazkur qo‘shni davlatdan kelgan mehmonning yurtimizda qarindoshi bo‘lsa, u shu joyga vaqtinchalik yashash bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yilishi mumkin. Agar tojikistonlik sayyoh sifatida kelsa, mehmonxonada ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Har ikki holatda ham 5 AQSh dollari miqdorida davlat boji to‘lanadi.

Endi ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lib turish muddati uzaytirilishi mumkin.

Top