00:55 / 30.03.2018
51841

67 yoshli xitoylik pensioner 30 yashar yigitdek ko‘rinishi siri bilan bo‘lishdi

Shanxayda yashovchi va o‘zining asl yoshidan 2 marta yoshroq ko‘rinuvchi pensioner unga navqiron ko‘rinishida nima yordam berishi siri bilan bo‘lishdi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar bermoqda

67 yoshli Xu Xay o‘zining navqiron ko‘rinishini faol turmush tarzi bilan bog‘laydi. Uning fikricha, bunda unga turli-tuman xobbilar yordam beradi. U yoga bilan shug‘ullanadi, raqs tushish va kuylashni yoqtiradi. Uning aytishicha, u ayniqsa “qorin raqsi”ga “ishqi baland” va bu raqsni mahalliy teatrlarda ijro etadi.

“Yigitcha”ning aytishicha, har bir odamda 3 yosh bor: biologik, ruhiy va jismoniy. Xayning fikricha, uning ruhiy yoshi 20dan oshmaydi. Pensioner o‘zining jismoniy yoshini maxsus mashinada o‘lchaydi. Mashina ko‘rsatgan qiymatlarga ko‘ra, qariyaning jismoniy yoshi 43 yilni tashkil qiladi.

“Biz yangi va ajoyib ishlar bilan shug‘ullanar ekanmiz, qarimaymiz va hamisha navqiron bo‘lib qolamiz. Shu sababli men har kuni uyqudan turganda, o‘zimga yana qilishim kerak bo‘lgan ko‘p ish borligini ta'kidlayman”, deb o‘z siri bilan bo‘lishdi qariya.

Ta'kidlanishicha, Xu Xay 1950 yilda tug‘ilgan. U yoshligida to‘qimachilik fabrikasida ishlagan va sahnalarda ishtirok etishni orzu qilgan. “Ko‘pchilik mening kuylashim, raqsga tushishim yoki teatrda o‘ynashimni istagan, biroq men kompartiya a'zosi bo‘lganim sababli fabrikani tashlab, bu bilan shug‘ullana olmasdim”, deb tushuntirmoqda Xay. U 40 yoshida kasbini o‘zgartirib, iqtisodchiga aylangan. 2016 yilda qahramonimiz Shanxayning keksa kishilari uchun tanlovda ishtirok etib, “eng zamonaviy shanxaylik bobo” deb topilgan. Bu nom unga shuhrat va televideniyedan ko‘plab takliflar keltirgan. Qariyaning 37 yoshli qizi bor, biroq hozircha nabiralari yo‘q.

Top