07:43 / 31.03.2018
22464

Chimkentda odamlarning muzqaymoqdan ommaviy zaharlanishiga nima sabab bo‘lgani aniqlandi

Foto: © RIA Novosti/Sergey Averin

Qozog‘istonning Chimkent shahrida odamlarning zaharlanishiga sabab bo‘lgan muzqaymoq uy sharoitlarida tayyorlangan. Bu haqda Qozog‘iston Sog‘liq saqlash vazirligidan ma'lum qilishdi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.

"Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligining Janubiy-Qozog‘iston viloyati bo‘yicha departamenti Chimkentda odamlarning ommaviy zaharlanishi yuz bergani tufayli tekshiruv boshladi. 2018 yilning 29 martidan 30 martiga o‘tar kechasi Chimkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 61 kishi muzqaymoq zaharlanishga gumonlanib murojaat etgan. Ayni damda 41 kishi shifoxonaga yotqizildi (ular orasida 20 nafar bola), 20 nafar jabrlanganga ambulator davolanish tavsiya etildi. Dastlabki tashxis – o‘tkir ichak infeksiyasi va ovqat toksikoinfeksiyasi", - deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, jabrlanganlarning barchasi Chimkentdagi Respublika shoh ko‘chasida joylashgan savdo nuqtasidan sotib olingan yumshoq mevali muzqaymoqni iste'mol qilishgan.

"Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, muzqaymoq uchun qorishma uy sharoitlarida tayyorlangan, shu sababdan uni tayyorlash va sotish sharoitlari tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Ta'kidlab o‘tish joizki, yuqumli kasalliklar shifoxonasidan ommaviy zaharlanish haqidagi xabar 30 mart kuni ertalab kelib tushdi", - deya xabar berishgan matbuot xizmatidan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston janubida muzqaymoqdan ommaviy zaharlanish ro‘y bergani xabar qilingandi.

Top