20:10 / 01.04.2018
7094

Bishkekda 38 kishi ovqatdan zaharlandi

31 martda Bishkekdagi restoranlardan birida odamlar ommaviy zaharlandilar. Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lum qilishicha, ayni vaqtda Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasida 38 jabrlanuvchi, jumladan 7 bola yotibdi.    
     
Ma'lum qilinishicha, zaharlangan odamlarning hayoti xavf ostida emas. Barcha jabrlanuvchilar belgilangan davolashni olmoqdalar, dori-darmon bilan ta'minlanganlar. 

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati tomonidan tegishli tekshiruv o‘tkazilmoqda. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, restoranga mamlakatning turli yerlaridan 190 ga yaqin odam kelgan. Shu sababli barcha viloyat va tuman sanitariya-epiddemiologiya nazorati markazlari tegishli tadbirlarni o‘tkazish uchun jalb qilingan.

Jabrlanuvchilardan namunalar olinib, laboratoriyaga jo‘natilgan. Natija 3 kun ichida ma'lum bo‘ladi. Restoranda tekshiruv o‘tkazilmoqda. Voqea yuz bergan restoranning nomi oshkor qilinmayapti.

Eslatib o‘tamiz, Bekobod shahrida 30-31 mart kunlari 55 nafar shaxs, shu jumladan 6 nafar bola oziq-ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga tushdi. Aniqlanishicha, jabrlanuvchilar 28 mart kuni Bekoboddagi “Baxt uyi” to‘yxonasidagi nikoh to‘yida va “Dildora” to‘yxonasidagi qiz bazmida ishtirok etishgan. Ikkala to‘yxonada ham Bekobod shahridagi “Nodirbek omad baraka” xususiy korxonasiga qarashli “Istiqlol” kafesi tomonidan tayyorlangan “Mujskoy kapriz”, “Yaponcha”, “Qirolicha”, “Ot shefa”, “Pikantniy”, “Olive”, “Go‘shtli bodring” salatlari, norin, chuchvara, lyula kabob, ugra, bifstrogan taomlari dasturxonga qo‘yilgan. 

Mavzuga oid
Top