16:49 / 02.04.2018
9827

Elning bolalari omon ekan, xalq qo‘shiqlari o‘lmaydi

Surxon vohasidagi haybati yurakka g‘ulg‘ula solgudek qop-qora tog‘lar bag‘rida joylashgan Tagov qishlog‘ining etagida uzoq moziylarga guvoh tutzor bor. Qishloq bolalarining asosiy o‘yingohlari shu yer. Hozir ham bir davra bolalar to‘planishgan. Ular bugun har doimgidek “jambil” ham, “beshtosh” ham, “chillak” ham o‘ynashayotgani yo‘q. Bu gal o‘g‘il-qizlar ikki guruhga bo‘linib, aytishuv (navbat bilan qo‘shiq aytish) uyushtirishgan. Roziya momoning besh yashar nabirasi Elmurod onasining o‘rgatganlari esidan chiqib qolishidan qo‘rqib ketdi, shekilli, ko‘zlarini katta-katta ochib, xirgoyi qila boshladi:

Foto: O‘zA

“Boychegagim boylandi,

Qozon to‘la aylondi.

Ayloningdan belmasang,

Qozon-tovog‘ing vaylondi”.

Unga davradagi bolalarning barchasi birgalikda jo‘r bo‘lishdi:

“Boychechagim, boychechak,

Terdim to‘la bir etak.

Boychechagim aslidir,

Bahor faslin vasfidir”.

Erta bahordanoq tut shoxlariga shaqildoq (bu — daraxt mevasini qushlar cho‘qib ketmasligi uchun temir-tersakdan yasaladigan qo‘riqchi. U uzun ip bilan bog‘lanib, daraxt novdasiga ilib qo‘yiladi. Ip tortilgach temir-tersakning jarangidan hurkkan qushlar  uchib ketishadi)lar ilib chiqadigan Nabijon o‘zi yaxshi ko‘radigan qo‘shiqni kuylay ketdi:

Foto: O‘zA

“Ey, hoy, gala, hoy, gala,

 Chumchuq keladi bir gala.

Mening bog‘im kichkina,

Hu katta bog‘larni tala!

Ey, hoy, gala, hoy,

Ey, hoy, gala, hoy!”

...Yaktagini yechib, dara chetidagi ko‘m-ko‘k yassi toshga tashlab, ustiga chordana qurib o‘tirgan Elomon bobo bolalarga allanechuk havas bilan qarab turarkan, o‘zining go‘daklik chog‘larini ajib entikish bilan eslay boshladi: sochlari qirqta o‘rilgan, kashtali ro‘molini peshonasidan tang‘ib olgan singlisi Donoxon to‘n tikayotganida doim bir qo‘shiqni xirgoyi qilardi:

“Men og‘amga to‘n bichay,

Juma, chorshanba kuni.

Uni og‘am kiysinlar,

Ro‘za-yu, Navro‘z kuni.

O‘ng qabog‘im uchdi-ya,

Sochim belimga tushdi-ya.

Ulla, bulla, shu bugun,

Og‘am esimga tushdi-ya”.

O‘shanda onasi ham do‘ppiga gul sola turib:

“Do‘ppi tiksang childirma,

Cho‘p-u xasga ildirma.

Yurtingni chindan sevsang,

Dushmaningga bildirma”, deya kuylar edi.

Bolaligida o‘zi ham podani toqqa haydayotib, ovozi boricha hayqirib qo‘shiq aytardi:

“Elomon-a, Elomon,

Echki boqib kelaman.

Sho‘rdan shog‘ol o‘tdimi,

Dumi loyga botdimi,

Gul butaning tagida

G‘azal aytib yotdimi?!”

Ha, u paytlar juda go‘zal damlar edi. Axir, bolalik beg‘uborlik fasli-da. Uning kuy-qo‘shiqlari ham o‘ziga yarasha beg‘ubor, beozor...

Elomon bobo juda ishonadi: elning bolalari omon ekan, bu qo‘shiqlar o‘lmaydi. U bir paytlar bobosidan eshitib, nabirasiga o‘rgatgan so‘zlarni bu bolalar ham bir kun kelib avlodlariga yetkazadi. Chunki bu — xalq qo‘shig‘i. Ular — barhayot qo‘shiqlardir!

Top