16:33 / 05.04.2018
25687

KONKAKAF hakamlar departamenti boshlig‘i: «Ravshan Ermatovning hakamlik qilishi - tarixiy voqea»

Foto: Getty Images

OFK hakamlar departamenti rahbari Shamsul Maydin o‘zbekistonlik referi Ravshan Ermatovning KONKAKAF chempionlar ligasi yarim finali doirasidagi «Toronto» - «Amerika» uchrashuviga tayinlangani borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Osiyoning elit hakamlaridan biri bo‘lgan Ravshan Ermatovning KONKAKAF chempionlar ligasi yarim finalida ishlashidan OFK faxrlanadi. OFK ham KONKAKAF ham so‘nggi yillarda hakamlik borasida ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Endilikda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, musobaqalarni tashkil qilish, boshqarish kabi masalalar yuzasidan tajriba almashish ko‘zda tutilmoqda», deya Maydinning so‘zlarini keltiradi OFK rasmiy sayti.

Shuningdek, KONKAKAF hakamlar departamenti direktori Brayan Holl ham Ravshan Ermatovning faoliyatiga yuqori baho bergan.

«Uch karra jahon chempionati ishtirokchisi, musobaqa rekordchisining KONKAKAF chempionlar ligasi yarim finalini boshqarib borishi mintaqamiz hakamligida tarixiy voqea. «Atsteka»dek stadionda mana shunday iqtidorli hakamning o‘yinni boshqarishi biz uchun faxr. Ermatovning tayinlanishi ikkala Konfederatsiya o‘rtasidagi tajriba almashish uchun katta yo‘lni ochib beradi», degan Holl.

Eslatib o‘tamiz, Ermatov boshqarib boradigan yarim final o‘yini 10 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

Top