17:33 / 06.04.2018
55776

Sergelida qurilgan arzon uy-joylar egalarini qiynayotgan muammolar qaysi hokimga tegishli?   

Foto: O‘zA

Hamma ham o‘z uy-joyi, boshpanasi bo‘lishini xohlaydi. Ayniqsa, serfarzand oilalarda uy-joyga ehtiyoj katta. Lekin besh qo‘l barobar emas, deganidek, hammada ham buning uchun moddiy jihatdan imkoniyat yo‘q. Shu bois ayrim oilalar kichkina xonadonda ko‘pchilik bo‘lib yashaydi yoki yillab ijarada turadi, deb yozmoqda “Oila davrasida” nashri.

Bugun ana shunday oilalarning og‘irini yengil qilish maqsadida davlat tomonidan aholiga qator qulaylik va imtiyozlar yaratilgan. Prezidentning bevosita tashabbusi va tegishli qarorlari bilan respublika barcha hududlarida arzon uy-joylar qurilayotgani aholining uy-joyga muhtoj, ammo kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyatalab qatlamining mushkulini oson qilmoqda. Yuzlab oilalar necha yillik orzusi ushalib, uyli bo‘lyapti.

Davlat rahbarining 2016 yil 22 noyabrdagi «2017-2021 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, poytaxtimizning har bir tumanida 20 tadan, jami 200 dan ortiq 7 va 9 qavatli, ko‘p xonadonli uy-joylar qurilmoqda. Bu mavzelar barcha ijtimoiy obektlar bilan ta'minlanib, muhandislik tarmoqlariga ulanishi, uylar atrofi obodonlashtirilishi belgilangan.

Bu ezgu ishlar natijasida Sergeli tumanida qisqa vaqtda yangi massiv paydo bo‘ldi. Ayni paytda bu yerda ko‘plab uy qurib bitkazildi va o‘z egalariga topshirildi. 1, 2 va 3 xonali mazkur uylar aholiga imtiyozli kredit asosida berildi va hamon topshirilmoqda. Uylar atrofida 240 o‘rinli maktabgacha ta'lim muassasasi, 630 o‘rinli umumta'lim maktabi, oilaviy poliklinika, velotrassalar barpo etildi. Albatta, bunday imkoniyatlardan shu yerda istiqomat qilayotganlar xursandchiligining cheki yo‘q. Davlat ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlikdan boshi osmonga yetgan. Ammo...

Puli to‘langan, narxi noma'lum...

Bir necha kun oldin tahririyatimizga shu massivdan kvartira sotib olgan fuqaro Jahongir Badalov murojaat qildi. U Sergelida qurilgan yangi arzon uy-joylarga aholining birontasi hali-hanuz propiskaga qo‘yilmagani, buni mutasaddilar turli sabablar bilan paysalga solib kelayotganini aytdi. Bundan tashqari, kvartiraga egalik qilish huquqi to‘g‘risida biror kishiga hujjat ham berilmagani, xullas, bir talay muammolar borligini ma'lum qildi. Ularni yaqindan o‘rganish maqsadida Sergeli tumani 6-A massiviga yo‘l oldik.

Yangi massivda u qadar muammo va kamchiliklar bo‘lmasa kerak, degan xayol bilan manzilga yetib keldik. Afsuski, manzara butunlay boshqa ekan. Hududdagi vaziyat biz o‘ylagan va eshitgandan ham ancha abgor bo‘lib chiqdi. Gap shundaki, yuqorida Jahongir aka bayon qilgan masalalardan tashqari, boshqa jiddiy kamchiliklar ham yo‘q emas ekan...

— Sergeli tumani 6-A massividagi yangi qurilgan uylardan uch xonali kvartira xarid qilganmiz, — deydi 9-uy 5-xonadon sohibi Jahongir Badalov. — O‘tgan yilning noyabr oyida ko‘chib o‘tdik. Lekin oradan deyarli besh oy o‘tdi hamki, hali-hanuz o‘z xonadonimizga propiskaga qo‘ya olmaymiz. Shuncha vaqtdan beri Sergeli tuman hokimligi, Olmazor tuman hokimligi (ko‘chib kelgan joyi), «Ipoteka bank»ga murojaat qildik. Biroq ming afsuski, ulardan bir xil — «Uylarning narxi hali to‘liq shakllantirilmagan, narx-navosi aniq bo‘lgach, ro‘yxatga qo‘yish uchun ruxsat beriladi», degan javob olamiz.

Qiziq, bu holatni qanday tushunish kerak? Axir, mazkur uylar shaxsan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan arzon narxlarda bunyod etilgan-ku! Qolaversa, bu kvartiralar uy-joyga muhtoj, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan yoki nogironligi bor, xullas, aholining kamxarjroq qatlamiga mo‘ljallangan. Bu uylarning narxi ular hali bitmasdanoq, kerak bo‘lsa, qurilish boshlanmasdan hammaga ma'lum qilingan. Barchaning xabari bor. Shunday ekan, «shakllantirilmagan» yana qanday narx haqida gap bo‘lishi mumkin?

Jahongir Badalov uch xonali kvartira olish uchun boshlang‘ich badal sifatida 56 million 142 ming so‘m mablag‘ni Olmazor tumanidagi «Ipoteka bank» filialiga to‘lagan ekan. O‘sha paytda bank xodimlari kvartiraning bir kvadrat metrini 2 million 685 ming 400 so‘mdan hisoblagan. Lekin hozir ular uyning tannarxi o‘zgarishini aytmoqda. Vaholanki, dastlabki to‘lov amalga oshirilganda uyning narxi sezilarli darajada o‘zgarmasligi aytilgan, va'da qilingan.

— Bu masalada bir necha marotaba bankka murojaat qildim, — deydi Jahongir aka. — Lekin har safar foydasiz. Topib olgan gapi bitta — «uylarning narxi hali shakllantirilmagan». Shundan keyin Sergeli tuman hokimligidan yordam so‘radim. Afsuski, tuman hokimi bu masalada yordam bera olmasligini, oldin yashagan hududim — Olmazor tuman hokimligiga murojaat qilishim kerakligini aytdi. Uning aytishicha, uyni menga shu tuman hokimi bergan. Shuning uchun propiska masalasini ham u hal etishi lozim emish. Olmazorga borganimda esa tuman hokimligidagilar bu yerdan ko‘chib ketganim bois yashayotgan tumanimdagi hokimlikka murojaat qilishim zarurligini ta'kidladi.

Xullas, otangga bor, onangga bor qabilidagi ishlardan charchadik. Shu muammo deb nainki men, butun massiv aholisi hali-hanuz o‘z uyiga egalik qilish huquqini tasdiqlaydigan order ololmayapti. Order bo‘lmagach esa uyni Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri Sergeli filialida ro‘yxatdan o‘tkazishning imkoni yo‘q.

Pasti boshqa, yuqorisi boshqa

 — Alamlisi, mazkur uylarning sifati ham har xil, — deydi 9-uy 37-xonadon sohibi Sirojiddin Jamolov. — Chunki ularni turli pudrat tashkilot quruvchilari qurgan. Masalan, 9-uy bilan 13-uy orasida yer bilan osmoncha farq bor. 13-uyning barcha jihozlari sifatli, bizniki esa ancha past. Vaholanki, ularning hammasi bir xil tip va narxda. Bundan tashqari, 9-uyning tashqi devorlaridagi bo‘yoqlar hali bir yil bo‘lmasdan to‘kilishni boshlagan. Shaxsan o‘zim yashayotgan xonadondagi isitish qurilmasidan suv tomib yotibdi. Qurilish firmasining ish boshqaruvchisiga aytsam, u «uyni qo‘l qo‘yib qabul qilib olgansiz, kam-ko‘stini o‘zingiz qilib olavering», dedi. Holbuki, «bironta kam-ko‘sti bo‘lsa, albatta, to‘g‘rilab beramiz», deya va'da berishgan edi.

Sirojiddin akaning so‘zlariga ko‘ra, eng achinarlisi, bir xil uylardagi birinchi bilan oltinchi qavatdagi uch xonali xonadonning kvadrat metrida ham yaxshigina farq bor ekan. Masalan, 10-uyning oltinchi qavatidagi xonadon vannasi birinchi qavatdagidan ancha kichkina.

Bunga ishonch hosil qilish maqsadida mazkur uylarni borib ko‘rdik. Haqiqatan ham 9-uy bilan 13-uy orasida sezilarli darajada farq bor ekan. Birgina, 13-uydagi xonadonlarga qo‘yilgan temir eshiklarning ko‘rinishi aytib turibdi: sifati yaxshigina. Biroq 9-uydagi holat buning teskarisi. Eshik yopilsa ochilmaydi, ochilsa yopilmaydi. Hatto, ba'zi xonadon egalari qulfni almashtirishga ham majbur bo‘lgan. Mazkur uydagilarning aytishicha, ko‘pchilik xonadonidagi kamchiliklarni o‘zlari cho‘ntagidan ortiqcha pul sarflab, to‘g‘rilayapti.

Sirojiddin akaning xonadoniga kirdik. Xonaning shiftidan chakka o‘tgan shekilli, bo‘yog‘i ko‘chib ketgan. Issiqlik tizimidan chakillab suv tomib yotibdi. Mazkur holatga oydinlik kiritish uchun 9-uyni qurgan pudratchi tashkilot ish boshqaruvchisidan izoh so‘radik. Uning aytishicha, ular uyni egalariga topshirayotgan vaqtda hammasi risoladagidek bo‘lgan. Qolganidan ularning xabari yo‘q. Boshqa masalalar yuzasidan barcha savolga pudratchi tashkilot rahbariyatidan javob olish mumkinligini aytib, gapni qisqa qildi.

Dori dardidagi dardmandlar

Endi Sergeli 6-A massividagi boshqa muammolar xususida. Hududda besh oydan beri istiqomat qilayotgan aholining so‘zlariga qaraganda, bu yerda hali-hanuz na mahalla fuqarolar yig‘ini, na mahalla raisi bor. Buning oqibatida nogironligi bor shaxslar davlat tomonidan bepul beriladigan dori-darmonlarni ham ololmayapti. Chunki ko‘chib kelgan tumanidagi shifoxona u yerdan ro‘yxatdan chiqarganini aytgan.

Bu yerdagi oilaviy poliklinika shifokorlari esa hali ro‘yxat shakllantirilmagani, ularga hech qanday maxsus tabletkalar kelmaganini vaj qilishdan nariga o‘tmaydi. Ikki o‘rtada muhtoj nogironlar aziyat chekmoqda. Shu bois massivdan uy olganlar qanchalar alamli va og‘ir bo‘lmasin, xonadonlarning kam-ko‘stiga ham rozi. Ular faqat tezroq o‘z xonadoniga egalik qilish huquqi berilishini intiqlik bilan kutmoqda. Eng katta dardi shu…

Vaqtincha ishlagan maktab

Maqolamiz avvalida aytilgandek, mazkur yangi massivda 630 o‘rinli 55-umumta'lim maktabi qurilgan. Eslatib o‘tamiz, Sergeli tumanidagi yangi hudud foydalanishga topshirilgach, shaxsan davlatimiz rahbari bu yerga tashrif buyurib, aholiga yaratilgan sharoit va qulayliklar bilan yaqindan tanishgan edi. Hududdagi 55-sonli umumta'lim maktabi ham shular jumlasidan. Bu xushxabar ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Mahalliy telekanallarimizda efirga uzatilgan tasvirlarda aynan shu maktabning ishga tushirilgani, shu hududdagi bolalar o‘qitilayotgani haqida lavhalar berildi. Ammo... Bu yerda istiqomat qilayotganlarning aytishicha, 55-sonli maktab bor-yo‘g‘i ikki oy, nomigagina ishlabdi, xolos. Oradan ikki oy o‘tib, bu maskan hech qanday sababsiz yopib qo‘yilgan va o‘quvchilar avval tahsil olayotgan maktablariga qaytarilgan. Bundan hayratlangan Jahongir Badalov 2018 yil 13 fevralda Vazirlar Mahkamasiga murojaat qilgan. Oradan biroz vaqt o‘tib, Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Mamadjonov imzosi bilan quyidagicha javob xati kelgan: «Sergeli tumanida yangi tashkil etilayotgan 55-sonli umumta'lim maktabini Davlat komissiyasi tomonidan qabul qilish jarayoni yakunlanmagani munosabati bilan maktab hozirda ish faoliyatini boshlamaganini ma'lum qilamiz. Shuningdek, Bosh boshqarma sizga farzandlaringizni maktabga joylashtirish masalasida yashash hududingizga yaqin bo‘lgan maktab ma'muriyatiga hamda murojaatingizda ko‘rsatilgan yashab turgan uyingizdagi muammolar yuzasidan Sergeli tuman hokimiyatiga murojaat qilishingizni tavsiya etadi».

Massivdagi mazkur 55-sonli maktabga kirdik. Hammasi risoladagidek. Hududdagi bolalarni o‘qitish uchun barcha zamonaviy jihozlar bilan ta'minlangan. Faqat o‘quvchilar yo‘qligi bois chang bosib, fayzsiz maskanga aylanib qolgan.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Xo‘p, yangi maktabni davlat komissiyasi qabul qilib olmagan ekan, boshqa maktabdagi o‘quvchilarni ikki oy davomida sarson qilib, bu yerda sudrab yurishdan nima ma'no? Yoki bu kimnidir aldash, ko‘zbo‘yamachilik qilishmi? Axir shu maktabda ikki oy bo‘lsa-da, tahsil olgan o‘quvchilardan kelajakda mamlakatga nafi tegadigan kadrlar yetishib chiqadi-ku! Ular hozirdan bunday soxtalikni ko‘rib ulg‘aysa, ertaga ular ham xuddi shu yo‘lni tutmaydimi?

Ish bor joyda kamchilik bo‘ladi, albatta. Biroq, yangi massivdagi bunday kamchiliklarga, sarsongarchilikka shunchaki qarab bo‘lmaydi. Chunki bu yerga ko‘chib kelganlarning aksariyati uy-joy muammosidan toqati toq bo‘lgan, yillar davomida dardini hech kim eshitmagan kishilardir. Ular Prezidentimiz ta'kidlaganidek erta yoki uzoq kelajakda emas, bugundan yaxshi yashashni istaydi va bunga to‘la haqli.

Umid qilamizki, tez orada mazkur massivdan xonadon olgan aholining propiska, mahalla, maktab kabi muammolari o‘z yechimini topadi. Har bir xonadon sohibi kvartira olish uchun boshlang‘ich badalni amalga oshirayotgan vaqtda ko‘rsatilgan narx saqlanib qoladi. Ishqilib shunday bo‘lsin...

G‘ulomjon Mirahmedov

«Oila davrasida» muxbiri

Top