16:14 / 08.04.2018
20741

«Manchester Yunayted» Neymar uchun ikki futbolchisini bermoqchi

Foto: Paul White/ AP Photo

«Manchester Yunayted» yozgi transferlar vaqtida Neymar uchun «Pari Sen-Jyermen»ga taklif bilan chiqmoqchi. Bu haqda Daily Star nashri xabar tarqatdi.

Manba bergan xabarga ko‘ra, fransuz klubi manchesterliklarning ikki nafar futbolchisi - Pol Pogba va Antoni Marsialni qo‘lga kiritishni istamoqda. Tomonlar transferni xuddi shunday ko‘rinishda barter qilishi mumkin.

Qayd etilishicha, «qizil iblislar» bosh murabbiyi Joze Mourino ham futbolchilarini Fransiyaga qo‘yib yuborishga tayyor. Parijliklar esa Neymar evaziga ikki futbolchidan tashqari, qo‘shimcha 50 million funt ham undirmoqchi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq braziliyalik futbolchi Fransiya chempionati o‘yinlaridan qoniqmagan va jamoani tark etish niyatida yurgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Aprel oyi boshida Neymar agar Madridning «Real» klubiga transferi amalga oshmasa,  «Manchester Yunayted» yoki «Manchester Siti»ga o‘tishi haqida xabarlar tarqaldi. OAVda braziliyalik futbolchi sobiq jamoasi «Barselona»ga qaytishi mumkinligi haqida ham xabar tarqaldi.

Neymar Fransiyani ushbu mamlakat chempionati darajasi pastligi va Parijdagi hayot o‘ziga yoqmayotgani tufayli tark etmoqchi. Parij klubi ushbu futbolchini 2017 yozida 222 million yevro evaziga sotib olgan, futbolchining shartnomasida badal puli belgilanmagan. Ayni vaqtda futbolchi jarohatini davolamoqda. U joriy mavsumda jamoasining barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlarida 30 marta maydonga tushib, 29 gol urgan.

Pogba Manchesterga 2016 yil avgustida «Yuventus»dan 105 million yevro evaziga kelgandi. Marsial esa inglizlar jamoasi safini 2015 yil yozida to‘ldirgan, u «Monako»dan 41 million yevro evaziga transfer qilingan.

Top