17:57 / 11.04.2018
8585

Aholining reproduktiv salomatligini saqlashga doir qonun loyihasi muhokama qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi bilan Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyasi hamkorligida “Aholining reproduktiv salomatligini saqlashning huquqiy asoslari: amaliyot va xalqaro tajriba” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Bu haqida parliament.gov.uz saytida xabar berildi

Tadbirni o‘tkazishdan maqsad – mamlakatimizda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta'minlash uchun «Aholining reproduktiv salomatligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish, ushbu yo‘nalishning huquqiy asosini takomillashtirish, bu borada horijiy davlatlarning qonunchilik tajribasini o‘rganish va muhokama etishdan iborat.

Unda mamlakatimizda aholi salomatligini saqlash, shu jumladan onalik, otalik va bolalikni muhofaza qilish, oila institutini mustahkamlash davlatimizning eng ustuvor vazifalari sifatida belgilanishi nafaqat bugungi kun, balki kelajak uchun to‘g‘ri ekanligi, shu bois, mustaqilligimizning ilk kunlaridan boshlab mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda xuquqiy asoslarni zamon talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish o‘ta dolzarbligi alohida ta'kidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “2016-2020 yillarda O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror va bir qator Farmoyishlarning qabul qilinishi,  mamlakatimizda “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” maqsadiga erishishga qaratilgan vazifalarni izchil va tizimli amalga oshirishda asos bo‘layotganligi qayd etildi.

Foto: parliament.gov.uz

Tadbir ishtirokchilari tomonidan aholining reproduktiv salomatligini saqlashning huquqiy asoslari va uni takomillashtirish zarurati, ushbu sohadagi yutuqlar va muammolar, respublikada yordamchi reproduktiv texnologiyalarning qo‘llanish amaliyoti va xalqaro tajriba yuzasidan keng muhokama qilindi.

Milliy qonunchilikda aholining reproduktiv salomatligini saqlashning negizi bo‘lgan sabablarga, ya'ni bepushtlikni bartaraf etish, farzand ko‘ra olmaslik muammolarini hal etishdagi yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish xuquqlari, yordamchi reproduktiv texnologiyalarni tadbiq etish, uning qanday turlariga ruxsat berilishi, amaliyotning davlat yoki xususiy tibbiyot muasassalari tomonidan qay tarzda amalga oshirilishi, ularga litsenziya berish va akkreditatsiyadan o‘tkazish kabi ko‘plab masalalar bo‘yicha ishtirokchilarning fikr mulohazalari tinglandi.

Foto: parliament.gov.uz

Shuningdek, tadbirda fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash siyosatini amalga oshirishda zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali tibbiy kadrlarni, shu jumladan, ilmiy darajaga ega bo‘lgan mutaxassis kadrlarni tayyorlash masalasi nihoyatda dolzarbligi, ayniqsa reproduktologiya, embriologiya, andrologiya yo‘nalishlarida nafaqat ilmiy darajali malakali mutaxassislarga, balki oddiy mutaxasissning o‘ziga ehtiyoj kattaligicha qolayotganligi qayd etildi.

Ushbu muammolarning yechimi sifatida qonunchilikni takomillashtirish, davlat tibbiyot muasassalari bilan birga xususiy sektorning rivojlanishi, raqobat asosida tibbiy xizmat sifatining oshishiga, tibbiy turizmni rivojlantirishga yaxshi asos bo‘lishi tufayli  yangi ish o‘rinlari yaratilishiga imkon berishi xam tadbir ishtirokchilari tomonidan alohida ta'kidlandi.

Foto: parliament.gov.uz

Davra suhbati yakunida aholining reproduktiv salomatligini ta'minlashdagi yutuqlar va muammolar, yordamchi reproduktiv texnologiyalarning qo‘llanish amaliyoti yuzasidan bildirilgan fikr va takliflar asosida tavsiyalar ishlab chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.

 

Top