16:07 / 11.04.2018
12630
General-mayor Rustam Jo‘rayev Uchtepa tumani aholisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Rustam Jo‘rayev Uchtepa tumani aholisi bilan uchrashdi.

Foto: Guvd.uz

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda tuman aholisi hamda Toshkent shahrining huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbarlari tomonidan huquqbuzarliklarni oldini olish, jinoyat profilaktikasiga oid dolzarb muammo va masalalar muhokama qilindi.

Foto: Guvd.uz

Dastlab, Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risidagi prezident qarorining ijrosi haqida aholiga ma'lumot berildi.

Jumladan, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari aholi va xalq deputatlari Kengashi oldida hisobot berib borishi tartibi yo‘lga qo‘yilganligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Muloqotda Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashga doir ko‘plab savollar berildi. Toshkent shahar IIBB boshlig‘i ularning barchasiga batafsil javob qaytarar ekan, yo‘l qatnov qismlari o‘rtasida o‘rnatilgan temir panjaralarni bosqichma bosqich olib-tashlanishi haqida, yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta'minlash yo‘lida olib borilayotgan boshqa chora-tadbirlar haqida, piyodalar ishtirokidagi YTHga oid statistik ma'lumotlar bilan tanishtirib o‘tdi.

Foto: Guvd.uz

Ta'kidlandiki, yo‘l harakati qoidalariga amal qilish madaniyatini oshirish yo‘lida yo‘l harakati ishtirokchilarining hissasi, bu borada ichki ishlar organlari bilan yaqin hamkorlik qilishi ko‘zlangan maqsadga tezroq erishish imkonini beradi.

Muloqotda Bosh boshqarma tomonidan yo‘lga qo‘yilgan telegram ilovasidagi maxsus «bot» kanali ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Ushbu «bot» kanal faol fuqarolar uchun ichki ishlar idoralariga u yoki bu mazmundagi xabarlarni tezda yetkazishda qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Uchrashuvda Uchtepa tuman ahli o‘zlarini qiynayotgan muammolarini oshkora bildirdilar. Jumladan, tadbirkorlar vakillari bozorlar hududini qo‘shimcha kuzatuv kameralari bilan jihozlash taklifini ilgari surgan bo‘lsalar, boshqa bir fuqaro 102 xizmat telefonidagi nosozlik haqida gapirdi. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu yo‘nalishda liniyani modernizatsiya qilish ishlari olib borilayotgan bo‘lib, tez kunlarda mavjud texnik nosozlikning bartaraf etilishi ma'lum qilindi.

Foto: Guvd.uz

Shuningdek, yo‘llarning yetarli yoritilmasligi, avtotransport vositalarining maktab hududlari atrofidagi harakatini tartibga solish, yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq savollarga ham Boshqarma boshlig‘i tomonidan javoblar berildi va shu joyning o‘zida ko‘tarilgan masalalarga daxldor boshqarma, bo‘lim rahbarlariga tegishli topshiriqlar yuklatildi.

Foto: Guvd.uz
Foto: Guvd.uz
Foto: Guvd.uz

 

Top