17:33 / 11.04.2018
45279

«Rossiya Amerika kemalariga hujum qilishi mumkin»

Foto: Reuters

Rossiya agar AQSh Suriyaga raketa zarbalari yo‘llasa, javob qaytarish huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda Rossiyaning Livandagi elchisi Aleksandr Zasipkin shialarning «Hizbulloh» harakatiga tegishli «Al-Manar» telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

U Moskva tomoni Suriyaga raketalar uchirishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan harbiy obektlar, jumladan, esminetslarni nishonga olishdan qaytmasligini qo‘shimcha qilib o‘tgan.

Livandagi diplomatik missiyaga bunday bayonot berish vakolatini kim taqdim etganiga aniqlik kiritilmagan.

Rossiya Federatsiyasi Harbiy doktrinasida qayd etilishicha, «Tinchlik vaqtida harbiy kuch qo‘llash qarori federal qonunchilik asosida faqat Rossiya Federatsiyasi prezidenti tomonidan qabul qilinishi mumkin». 

11 aprel kuni The New York Times gazetasi AQSh prezidenti va uning maslahatchilari Suriyaga zarba berish imkoniyatlarini o‘rganib chiqishgani haqida xabar tarqatdi. 

AQSh harbiylari mamlakat prezidenti Donald Tramp tasdiqlashi uchun Suriyaga zarba berishning bir nechta variantini taqdim etdi. Ular bir kundan ortiq vaqt davomida bir nechta nishon bo‘yicha yoppasiga raketa hujumini ko‘zda tutmoqda. 

Nashrning ta'kidlashicha, Tramp maslahatchilari bilan birga zarba bir yil avval Xoms viloyatiga berilgan zarbadan ko‘proq bo‘lishi kerak, degan xulosaga kelgan. Oq uy o‘tgan yilgi kabi hujum rasmiy Damashqqa yetarlicha ta'sir ko‘rsatmaydi, degan xulosaga kelgan (Bir yil avval amerikaliklar Suriya harbiy aerodromiga «Tomagavk» klassidagi 59 ta raketa bilan zarba bergan edi).

Vashingtondagilar Suriya hukumatini Sharqiy G‘utada kimyoviy gaz hujumi uyushtirganlikda ayblamoqda. Rasmiy Damashq o‘ziga qaratilgan barcha ayblovlarni rad etmoqda. Rossiya AQShni Suriyaga hujum qilishning og‘ir oqibatlaridan ogohlantirgan.

Biroz avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyani Suriyaga qilinadigan keng ko‘lamli hujumga tayyorlanishdan ogohlantirgandi.

Mavzu
Suriyadagi urush
Suriyada 2011 yilda boshlangan fuqarolar urushi mamlakatni bir necha qismlarga bo‘lib tashlagan. Suriya hukumati, IShID, kurdlar va boshqa turli jangari guruhlar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar hamon davom etmoqda.
Barchasi
Top