22:54 / 12.04.2018
97319

«Malika» bozori: aslida nimalar bo‘lgan va nima o‘zgarmoqda?

Foto: KUN.UZ

So‘nggi paytda ijtimoiy tarmoq sahifalarida xalq orasida «Malika» savdo markazi sifatida tanilgan binoda savdo qilayotgan tadbirkorlar noxush kayfiyatda aks etgan video lavhalar ko‘payib qoldi. Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish uchun savdo markazi ma'muriyati bilan suhbatlashdi.

Ma'lum qilinishicha, sobiq «Malika» ishlab chiqarish birlashmasi binosi va unga tegishli mulklar 1994 yili Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi (hozirda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etilgan) tomonidan xususiylashtirishga tegishli tartibda chiqarilgandi.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan Premium Prime Service MChJ direktori o‘rinbosari Azimov Asqarning ta'kidlashicha, «Malika» binosining xususiylashtirilishi chog‘ida huquqiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgandi. Shuni e'tiborga olib, prokuratura xodimlari hokimning tegishli qarori yuzasidan taqdimnoma kiritib, ish sud tartibida ko‘rib chiqilgandi.

«​Uzoq vaqtdan beri sud mazkur ishni bir nechta instansiya bosqichlarida ko‘rib chiqdi, prokuratura taqdimnomasini qanoatlantirgan. Binoning sobiq egalari bo‘hton va tuhmatlar bilan qonuniy chiqarilgan qaror va hukmlarni chippakka chiqarmoqchi bo‘ldi. Shundan so‘ng, sobiq «Malika» tasarrufida bo‘lgan barcha mulklar Toshkent shahar hokimligi balansiga talab qilish sharti bilan qaytarildi»​, deydi Azimov.

Haqiqatan, 2018 yil 9 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tasdiqlagan hujjatga ko‘ra, bino Toshkent shahar hokimligi hisobiga o‘tkazilgani, savdo markazi ijara shartnomasi asosida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga berilishi ma'lum qilindi.

«​Biz ham o‘rnatilgan tartibga rioya qilgan holda, Shahar binolardan foydalanish departamenti va Davlat mulkini ijaraga berish markazi bilan uchtomonlama shartnoma tuzganmiz. Ma'lumot uchun aytib o‘tish kerakki, 1 kv metr uchun o‘rtacha 213,445 so‘m ijara haqi to‘lanadi, bir oyda o‘rtacha hisobda 900 million so‘mdan ortiq ijara pulini davlat g‘aznasiga to‘lamoqdamiz. Bu raqamlarni avvalgi davr bilan solishtirsak, (bino xususiy mulk e'tirofida bo‘lgan payt - tahr.) majburiy to‘lovlar umumiy summasi 100 million so‘mdan zo‘rg‘a oshgandi. Vaziyatga baho berib, anglash mumkinki, davlat tasarrufida turgan binodan foydalanganlik uchun ijara haqini to‘lashimiz ancha manfaatli bo‘lmoqda, ya'ni daromadlar qora sxema orqali shaxsiy cho‘ntakka tushib qolmayapti»​, deydi direktor o‘rinbosari.

Azimovning so‘zlariga ko‘ra, sobiq «Malika» ishlab chiqarish binosi aslida sun'iy bankrotlik qurboniga aylanib, shaxsiy manfaati va nafsini o‘ylagan kimsalar tomonidan talon-taroj etilgan.

«​Binoning sobiq egalari haligacha bizga tazyiq qilib, «rahnamolari» yordamida turli yo‘llar bilan tashvish tug‘dirmoqda. Aslida biz halol va qonun ustuvorligi tamoyili asosida ish olib boryapmiz. 

Savdo markazi A blokida joylashgan do‘konlarda innovatsion Showroom tashkil etishni rejalashtiryapmiz, ya'ni xaridorlar yorug‘ va keng xonada maishiy texnika, audio va video tovarlarni ko‘zdan kechirishi, mutaxassis maslahati bilan tanishishi mumkin. Xaridlar rasmiylashtiriladigan va asosiy do‘kon sifatida B blokda joylashgan do‘konlar qayd etiladi. 

Buning boshqa afzallik tomoni bor, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat olib borayotgan ishbilarmonlar yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, ishchilar bilan rasman mehnat shartnomasi tuzadi. Gap shundaki, qonunchilikdagi normaga ko‘ra, 10 kv metr hududdan katta joyda nooziq-ovqat chakana savdo faoliyatini olib borayotgan ishbilarmonlar yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Bizdan aynan qonun talabini amalga oshirish uchun tadbirkorlarga ogohlantirish xati yuborib, faoliyatini o‘rnatilgan tartibga ko‘ra muvofiqlashtirish so‘ralmoqda. Buning vahima qiladigan yoxud noqonuniy jihati yo‘q»​, deydi Asqar Azimov.

Ma'lumot uchun, savdo markazi B bloki umumiy maydoni 1200 kv metr bo‘lib, Premium Prime Service MChJ va uning iqtisodiy hamkorlariga qarashli 10ta do‘kon, undan tashqari 34ta do‘kon mavjud. Endilikda do‘konlardagi savdo qilish maydoni qisqartirilib, talabgorlar uchun yangi hudud hozirlanishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid
Top