19:33 / 13.04.2018
37756

Biri biridan «xunuk» raqiblar: YeChL qur'asiga nazar

Yaqinda qaysidir bir multfilmmidi, qulog‘imga chalindi – «ismlaringiz bir biridan chiroyli» degan gapga javoban bir bolakay «demak ismlarimiz biri birimiznikidan xunuk ham ekan-da?» deb o‘rinli savol berdi. Rostdanam, ilgari xayolga kelmagan ekan shunaqa fikr, qoyil.

Yevropa Chempionlar Ligasi yarim finallari uchun tashlangan qur'a natijalari ham o‘sha dialogni eslatdi. Menimcha, jamoalarga noqulay raqiblar tushdi. Boyagi bolakay kabi teskari tomondan kelsak, ularga qulay ham bo‘lar balki? Asosiy vazifa ham shu – o‘z ustunliklaringga urg‘u berib, raqibning ustunliklarining ta'sirini pasaytirish g‘alabining asosiy omillaridan biridir.

LIVeRPUL

Foto: Squawka

«Liverpul» raqiblarni asosan ko‘proq yugurish, yuqori pressing qilish orqali izdan chiqaradigan jamoa. Klopp uchun ko‘proq texnik futbol o‘ynaydigan, paslar orqali himoyadan hujumga chiqishga harakat qiladigan jamoalar qulayroq edi. To‘g‘ri, «Liverpul»ning bu uslubini hamma biladi, ammo bir o‘yin uchun hech qaysi jamoa butun sistemasini, falsafasini o‘zgartirmaydi-ku, to‘g‘rimi?         

Ikkinchidan, o‘yinda favorit emas, ikkinchi jamoa maqomida to‘p surish ham «Liverpul» uchun qulay. Kerak bo‘lganda to‘psiz harakat qilish, qarshi hujumda kattaroq zonaga ega bo‘lish uchun ham raqib imkon qadar «Liverpul» darvozasiga ko‘proq o‘yinchi bilan yaqinroq kelishi kerak. Pep Gvardiola ham chorak final o‘yinlari oldidan «Liverpul» kabi ochiq zonalardan samarali foydalanadigan jamoa Yevropada boshqa yo‘qligini aytgandi. Demak, yarim finalda qolgan jamoalar ichida Gvardiolaning sobiq jamoasi «Bavariya» va Ispaniya grandi «Real» liverpulliklar uchun qulayroq edi, nazarimda.

Yo‘q, «Roma»ga nisbatan narigi jamoalarni yutish «Liverpul»ga osonroq bo‘lardi demoqchi emasman. Aynan o‘yinga tayyorlanish, taktika va strategiyalarni belgilash nuqtai nazaridan, «Real» yoki «Bavariya»ga alohida tayyorlanish shart emasdi. Klopp «Manchester Siti»ga qarshi qo‘llangan uslub bilan muvaffaqiyatdan umid qilsa bo‘lardi.

«Roma» bilan aksincha, jamoa ko‘proq pozitsion o‘yinga, qisqa masofalarda hujum uyushtirishga o‘rganishiga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga, ishtaha ovqat paytida keladi, deganlaridek, «Barselona» va «Chelsi»ni 3:0 hisobida yuta olgan «Roma» ham endi o‘ziga ko‘proq ishongan, final ostonasida kuchliroq bo‘lishi tabiiy.

ROMA

Foto: Squawka

Yuqoridagi fikrlarni aynan «Roma»ga nisbatan ham ishlatish mumkin. «Roma»ning o‘yin uslubi «Liverpul»dan ko‘ra «Tottenhem»ga o‘xshab ketadi, lekin umumiy qadriyatlar o‘sha o‘sha – yuqori pressing, raqibga maydonning har nuqtasida faol qarshilik ko‘rsatish va agressiya.

Xuddi shu uslubda «Barselona» ustidan g‘alaba qozonilganini e'tiborga olsak, «Roma» narigi juftlikdagi grandlar bilan osonroq o‘ynagan bo‘lardi. Birinchidan, bemalol ikkinchi planga o‘tib olib, o‘z imkoniyatini kutish mumkin, ikkinchidan, o‘sha o‘yinlardagi mag‘lubiyat ham «Roma» uchun u qadar og‘riqli bo‘lmasdi. «Liverpul» esa, baribir, tan olish kerak, status tomonidan «Bavariya» yoki «Real»dan pastroq, o‘z o‘zidan klub rahbariyatida ham, muxlislarida ham final uchun real imkoniyat paydo bo‘lgani haqida fikrlar yuzaga kelgandir.

«Roma» esa ko‘proq kutilgan emas, kutilmagan g‘alabalarga ko‘proq mos keladi, nazarimda.

ReAL

Foto: Squawka

So‘nggi yillarni olib qarasak, «Real» uchun YeChLdagi eng noqulay raqib «Bavariya» ekani sir emas. Faqat 2013/14 yilgi mavsumda «Real» hech qanday savolga o‘rin qoldirmagandi. 2012/13 yilgi mavsumda «Bavariya»ning qo‘li baland kelgan. O‘tgan yili esa, yakunda «Real» keyingi bosqichga chiqqan bo‘lsa-da, Vidal juda shubhali holatda chetlashtirilishi o‘yinga ta'sir o‘tkazgandi.

Umuman, nimchorak finalda «PSJ», chorak finalda «Yuventus» bilan o‘ynagan «Real»ga oson bo‘lmadi. O‘z mamlakatlarida yaqqol yetakchi bo‘lgan o‘sha klublar «Real» bilan hudud talashishdi, tashabbus va to‘pni o‘z nazoratlariga olishga intilishdi. Bunday o‘yinlarda ishtirok etish natijadan tashqari jamoani charchatib qo‘yadi. Shu nuqtai nazardan, tashabbusni raqibga berishdan qo‘rqmaydigan «Roma» yoki «Liverpul» bu bosqichda «Real»ga qulayroq raqib edi, balkim.

BAVARIYa

Foto: Squawka

«Bavariya» go‘yoki boshqa, aylanma yo‘ldan final sari odimlayotgandek, jamoa ishtirokidagi o‘yinlar futbol jamoatchiligi nazaridan chetda qolmoqda. «Beshiktosh» va «Sevilya» kabi jamoalar bilan kuch sinashgan nemislar avvalgi qur'alar natijalaridan minnatdor bo‘lishsa arziydi. Ammo yarim final qur'asi ularga to‘rtlikdagi eng kuchli raqibni ro‘baru qildi. Ushbu mavsumda Bundesligada ham, Yevropada ham jiddiy sinovga qarshi kelmagan jamoa uchun «Real»ga qarshi o‘ynash oson bo‘lmaydi.

Yana bir sabab. «Bavariya» bundesligada g‘olib chiqib bo‘ldi. Boshqa o‘yinlarda bemalol rotatsiya qilib, yarim finallarga tayyorlanishi mumkin. «Roma» va «Liverpul» esa, milliy chempionatlarda kuchli to‘rtlik uchun kurashmoqda. Ular Italiya va Angliyadagi raqiblar bilan ham bor kuch bilan harakat qilishga majbur. Yarim finalda ular bilan o‘ynash «Bavariya»ga qo‘shimcha ustunlik berardi. Lekin unday bo‘lib chiqmadi. «Real» ham La Ligada hech qanday vazifasi qolmagan, bor imkoniyatini aynan yarim finallarga qaratadigan klub.

Bunisi «Bavariya» uchun noqulay. Biz uchun esa, yaxshi – teng sharoitlarga ega bo‘lgan juftliklar bahsini tomosha qilamiz.

Qahramon Aslanov

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top