10:29 / 13.04.2018
91887

Toshkent IIBB boshlig‘i «soqol qo‘yib yurish modasiga» izoh berdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Toshkent IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev Uchtepa tumani aholisi bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida poytaxt yoshlari o‘rtasidagi «soqol qo‘yishga bo‘lgan modaga» izoh berdi, deb yozmoqda Gazeta.uz.

Tumanda yashovchi shaxslardan birining uchrashuvda ta'kidlashicha, Toshkentda so‘nggi vaqtlarda 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yigitlar o‘rtasida «soqol qo‘yishga bo‘lgan moda» tarqaldi (gap aynan uzun soqol haqida ketgan). «Agar buning oldi olinmasa, unda 2019-2020 yilga kelib Toshkentdagi barcha yoshlar soqol qo‘yib yuradi», - deya ma'lum qilgan u zaldagi qarsaklar fonida.

IIBB rahbari zalga murojaat qilib, qarsaklar nima sabab bo‘lganiga izoh so‘ragan. Uchrashuvda bo‘lganlar esa bu «juda yaxshi va to‘g‘ri savol» ekanini aytishgan.

«Barchamiz, bu yerda o‘tirganlarning hammasi bu qonunchilik bilan taqiqlanmaganini tushunamiz. Istalgan shaxs buni qilishi (soqol qo‘yib yurishi) mumkin», - dedi Rustam Jo‘rayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu masalaga munosabat «biz farzandlarimizga qanday tarbiya berganimiz va ularni madaniy jihatdan nimalarga o‘rgatganimizga» bog‘liqdir.

Top