09:31 / 13.04.2018
20324

O‘zbekistonda «Sirdaryo» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 18 martdagi “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi PF-4516-sonli Farmoniga asosan Jizzax viloyatida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi o‘rinlarda “Jizzax” EIZ deb ataladi) Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani filiali tashkil etilgani va uning chegaralari tasdiqlangani ma'lumot uchun qabul qilindi. 

Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi o‘rinlarda “Sirdaryo” EIZ deb ataladi) “Jizzax” EIZ Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi filiali va Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi kichik sanoat zonasi negizida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi. 

Quyidagilar “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilandi: 

Sirdaryo viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalangan holda mahalliy mineral-xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega raqobatbardosh, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarilishini kengaytirish; 

meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, to‘qimachilik, poyabzal va charm-galantereya, ekologik jihatdan xavfsiz kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy investitsiyalarni, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish; 

erkin iqtisodiy zona korxonalari o‘rtasida hamda boshqa mahalliy korxonalar bilan mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish asosida mahalliy xom ashyo va materiallardan yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish; 

“Sirdaryo” EIZ hududida ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, shuningdek, ushbu hududda sifatli logistika xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish; 

erkin iqtisodiy zonalarning soha kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etishda va ularning erkin iqtisodiy zonada joylashgan korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashida qatnashish. 

Sirdaryo viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining ma'muriy kengashi (G‘.G‘.Mirzayev) Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Sirdaryo” EIZning chegaralariga aniqlik kiritish, keyinchalik kengaytirish bo‘yicha takliflarni ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 oktabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma'muriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashiga kiritilishini ta'minlaydi. 

Belgilab qo‘yilishicha:

“Sirdaryo” EIZ tarkibiga kiritilgan yer maydonlari Sirdaryo viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma'muriy kengashining bevosita tasarrufida bo‘ladi; 

“Sirdaryo” EIZning faoliyat yuritish muddati 30 yilni tashkil etadi va bu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin; 

“Sirdaryo” EIZ faoliyat yuritadigan muddat davomida uning hududida alohida soliq va bojxona tartiblari amal qiladi; 

“Sirdaryo” EIZ ishtirokchisi maqomi Sirdaryo viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma'muriy kengashining qarori bilan beriladi;

sobiq Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi kichik sanoat zonasi ishtirokchilariga nisbatan, ushbu maqomni avval olgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 martdagi “Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida kichik sanoat zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi PQ-2860-sonli qarorida ko‘zda tutilgan imtiyoz va yengilliklar saqlanib qolinadi. 

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ hamda respublika va hududiy darajadagi muhandislik-kommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatuvchilar erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning kommunikatsiyalarga, ularni “Sirdaryo” EIZning hududigacha belgilangan tartibda kafolatli ulanishini ta'minlaydi. 

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda har yili kelgusi yillar uchun rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishda belgilangan tartibda ularga “Sirdaryo” EIZning muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar kiritilishini nazarda tutadi. 

“Sirdaryo” EIZ faoliyatini operativ boshqaruv funksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 maydagi “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5032-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan “Sirdaryo-farm” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasiga yuklatilsin va uning nomi “Sirdaryo” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasiga o‘zgartirilib, xodimlari soni 3 nafardan 5 nafarga oshirildi. 

Belgilanishicha, “Jizzax” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasining va “Jizzax” EIZ ishtirokchilarining Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi “Jizzax” EIZning filiali bo‘yicha huquq va burchlari belgilangan tartibda “Sirdaryo” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasi va “Sirdaryo” EIZ ishtirokchilariga o‘tadi. 

Top