10:40 / 14.04.2018
20835
Dunyo sovuq urush davriga qaytdi – BMT bosh kotibi
Foto: REUTERS

Dunyo sovuq urush davriga qaytdi, ko‘plab davlatlarning geosiyosiy manfaatlari to‘qnash kelgan Yaqin Sharqdagi xaos esa global tinchlik va xavfsizlikka xavf soladi. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 13 aprelda BMT Xavfsizlik kengashidagi nutqida aytib o‘tdi.
  
“Suriyada bir nechta davlatlar armiyasi ishtirokidagi urushni va ko‘p sonli qurollangan guruhlar, terrorchilik tashkilotlari, hukumat kuchlari va u yerga butun dunyodan kelayotgan xorijiy jangarilar o‘rtasidagi qarama-qarshilikni kuzatmoqdamiz”, deb aytgan Guterrish.

U tinch aholi dahshatli azob-uqubatlarga uchrayotganini eslatib o‘tgan va Suriyada kimyoviy qurol qo‘llanishi haqida xabarlar kelishda davom etayotganidan achchiqlangan.

Guterrishning aytishicha, Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti mutaxassislarining birinchi guruhi Suriyaga yetib kelgan, ikkinchisi esa 1-2 kunlarda yetib keladi. BMT bosh kotibi ushbu missiyaning kimyoviy qurol qo‘llangan-qo‘llanmaganini o‘rnatishda samarali ishlashi uchun zarur sharoitlarni ta'minlashni talab qilgan. Guterrishning ta'kidlashicha, Suriya hukumati ham tergov o‘tkazilishini talab qilgan va mutaxassislar ishini qo‘llab-quvvatlashga va'da bergan.

Top