00:30 / 14.04.2018
7206

Turkiya Afg‘onistonda 1500 o‘quvchiga mo‘ljallangan ta'lim muassasasi qurib berdi

Turkiyaning Hamkorlik va Muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) Afg‘oniston poytaxti Kobulda yangi ta'lim muassasasi qurilishi loyihasini amalga oshirdi.

Turk agentligi sa'y-harakatlari bilan Afg‘oniston ta'lim vazirligi balansida turgan ombor 1500 o‘quvchi o‘qiydigan qizlar texnikumiga aylantirilgan.

Ta'kidlanishicha, yangi ta'lim muassasasida 22 ta sinfxona mavjud.

Foto: Star Gazetesi

Texnikumning ochilishida Afg‘oniston ijroiya hokimiyatining rahbari Abdulloh Abdulloh, ta'lim vaziri Mirvois Balhi, Turkiyaning Kobuldagi elchisi Ouzxon Ertugrul, ta'lim masalalari bo‘yicha maslahatchi Atakan Dogan, TİKA’ning Kobuldagi ofisi vakillari va o‘quvchilar ishtirok etishgan.

Abdulloh Abdulloh Turkiyaga Afg‘onistonni mustahkamlashdagi yordami uchun minnatdorlik bildirgan va Anqara mamlakat ta'lim sohasini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shayotganini ta'kidlab o‘tgan.

Abdullohning aytishicha, terrorchilik tashkilotlari ta'lim tizimi ahamiyatini anglamay, maktablarni vayronaga aylantiradi.

Abdulloh mamlakatda ayollar ta'lim olishiga salbiy qaraydigan odamlar hamon borligini, biroq ayollarsiz mamlakatni rivojlantirib bo‘lmasligini ta'kidlab o‘tgan.

Top