07:57 / 16.04.2018
4832

Chernogoriya prezidenti saylovlarida g‘olib aniqlandi

Foto: Stevo Vasiljevic/Reuters

Chernogoriyaning sobiq bosh vaziri va sobiq prezidenti, hukmron Sotsialistlar demokratik partiyasi yetakchisi Milo Jukanovich shtabi uning 15 aprelda o‘tgan prezident saylovlarida g‘olib bo‘lganini e'lon qildi. 

“Milo Jukanovich Chernogoriyaning yangi prezidenti, saylovlarning 2-bosqichi bo‘lmaydi. 70 foiz byulletenlar ko‘rib chiqilgandan keyin u 54 foizdan ko‘proq ovoz to‘plagani ma'lum bo‘ldi va natijalar boshqa o‘zgarishiga asos yo‘q. Bizning prezident yaqin orada fuqarolarga murojaat qiladi”, deb aytgan Jukanovich shtabi boshlig‘i Milosh Nikolich.

Saylovlarning yakuniy natijalari bir necha kun ichida e'lon qilinadi, biroq kuzatuvchilarning xulosalariga ko‘ra, natijalar dastlabkilaridan deyarli farq qilmaydi. 

Chernogoriya prezidenti umumxalq saylovi orqali 5 yillik muddatga saylanadi. Shu tariqa, o‘z lavozimlaridan qat'iy nazar, 1991 yildan beri Chernogoriya yetakchisi hisoblanadigan Jukanovich yettinchi marta mamlakat prezidenti lavozimini egallaydi. Uning yangi prezidentlik mandati oxiriga kelib umumiy boshqaruvi muddati 32 yilni tashkil qiladi va u bu borada mamlakatni 40 yil boshqargan Zimbabvening sobiq yetakchisi Robert Mugabening rekordiga yaqinlashib qoladi. Agar Jukanovichning yoshi 56 daligi hisobga olinsa, u bu borada mutlaq rekordchiga aylanishi ham mumkin.

Mavzuga oid
Top