23:00 / 16.04.2018
68590

Maktablarda «remont»ga pul yig‘ish qonuniymi? Vazirlik munosabat bildirdi

Foto: jz.uz

Kun.uz Telegram-kanalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukus shahrida istiqomat qiluvchi ota-onalardan birining quyidagi mazmundagi murojaati e'lon qilingan edi:

«Ikki qizim va bir o‘g‘lim shahardagi 12-maktabda o‘qishadi. Maktabning remontiga davlat pul ajratadimi-yo‘qmi? O‘quvchilarga «20.000 so‘mdan remontga pul olib kelinglar», deb aytishibdi maktabdan. Shunda men uch farzandimga 60.000 so‘m berishim kerak. Shu masalani yechib berishingizni so‘rayman».

Biz ushbu murojaatni yo‘llagan ota bilan gaplashdik, u Telegram-kanalda berilgan ma'lumotni yana bir bor tasdiqladi.

Murojaat kanalda e'lon qilingach, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ushbu holatga o‘z munosabatini bildirib, Xalq ta'limi vazirligiga xat jo‘natgan.

Ushbu holat yuzasidan «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga qonunchilikning quyidagi talablari haqidagi ma'lumotlarni yetkazishni lozim, deb hisoblaydi», deyiladi xatda va quyidagi talablarni sanab o‘tadi:

«Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga muvofiq, har kim bilim olish huquqiga egaligi va bepul umumiy ta'lim davlat tomonidan kafolatlanishi belgilangan.

Ikkinchidan, «Ta'lim to‘g‘risida»gi Qonunning 4-moddasida jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e'tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi, O‘zbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganidan qat'i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanishi belgilangan.

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida byudjyetdan tashqari Ta'lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ–3242-con qaroriga muvofiq, Moliya vazirligi huzuridagi umumta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlash jamg‘armasi va Oliy ta'lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Ta'lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan.

Mazkur jamg‘armaning asosiy vazifalaridan biri umumta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni, shu jumladan, idoraviy bo‘ysunuvdagi, qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash, jumladan, zarur hollarda o‘quv korpuslarini o‘quv ustaxonalari va laboratoriyalar bilan kengaytirish, sport zallari va maydonchalarni hamda boshqa infrastruktura obektlarini barpo etish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish hisoblanadi.

To‘rtinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 1 dekabrdagi 961-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq, xalq ta'limi muassasalari bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, joriy va mukammal ta'mirlash ishlari bo‘yicha hamda o‘quvchilarning bilimi va ta'lim sifatiga ta'sir qiladigan omillarni aniqlash bo‘yicha tizimli monitoring olib borish va tegishli chora-tadbirlar belgilash lozim.

Yuqoridagi holatlar xalq ta'limi muassasalari faoliyatida yo‘l qo‘yilishining oldini olish maqsadida barcha ta'lim muassasalari rahbarlari va o‘qituvchilarini qonun hujjatlarining talablari buzilishi mumkin emasligi haqida ogohlantirishingiz va amalga oshirilgan ishlar haqida Adliya vazirligiga ma'lum qilishingiz so‘raladi», deyiladi Adliya vazirligining xatida.

Muxtasar qilib aytganda, maktablar va boshqa ta'lim muassasalari tomonidan ta'mirlash uchun o‘quvchilardan pul yig‘ilishi noqonuniy hisoblanadi va bunday holatlar qonunga ko‘ra ta'qib etiladi.

Ta'kidlab o‘tish joizki, Adliya vazirligining murojaatlarga bu tarzda o‘z munosabatini bildirishi birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q. Vazirlik oldingi safar MY5 telekanali efirida berilgan «Yashirin kamera» dasturiga e'tiroz bildirib o‘tgan edi.

Jumladan, Inson huquqlari oliy qadriyat ekanini inobatga olgan holda, OAV vakillari fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini hurmat qilishlari lozim, deyilgan edi vazirlikning xatida.

Top