08:29 / 17.04.2018
22608
Turkiya musulmonlarga nisbatan ikkilik standartlarini javobsiz qoldirmaydi
Foto: Anadolu

Turkiya gap musulmonlar haqida ketganda, ikkilik standartlarini javobsiz qoldirmaydi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbulda o‘tayotgan Musulmon ozchiliklari jahon sammitida aytib o‘tdi. 

“Barchamiz G‘arb o‘z manfaatlari uchun nima qilishini, qanday alg‘ov-dalg‘ovlik yuzaga keltirishining guvohi bo‘lganmiz. Misol uchun, gap neft, oltin va olmoslar haqida ketganda, bu davlatlar o‘zlarini qon hidiga suzib keluvchi akulalarga o‘xshash tutadilar. Shu bilan birga bu davlatlar Falastindagi qon to‘kilishlarni, Arakandagi genotsidni, qo‘shni Suriyada yuz minglab begunoh odamlarning halok bo‘lishini inobatga olmasligini ham yaxshi bilamiz”, deb aytgan Erdo‘g‘an. 

Uning aytishicha, G‘arb islomga qarshi harakatlarni amalga oshirib, o‘z mafkurasi va turmush tarzini saqlab qolishga intilmoqda. 

“Terrorchilarni islomni yomonotliq qilish vositasi sifatida qo‘llashga urinishlar amalga oshirilmoqda, vaholanki islom dini zamonaviy odamning ma'naviy ehtiyojlariga javob beruvchi yagona dindir. Bu vaziyatda gap terrorchilar haqida ketmoqda, ularning paydo bo‘lishi maxsus loyiha hisoblanadi”, deb aytgan Erdo‘g‘an.  Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, bunday yomonlashayotgan vaziyatda musulmonlar zimmasiga ma'lum javobgarlik tushadi.    

“Biz bu tajovuzlarga jim qarab tura olmaymiz. Musulmonlar boshqa dinlar vakillari bilan tinchlik-totuvlikda yashay oladilar, ularda bu masalada butun tarix davomida muammo bo‘lmagan”, deb so‘zlarini davom ettirgan Turkiya prezidenti. 

Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, 11 sentabrdagi teraktdan keyin musulmonlar tajovuzga uchramoqdalar.

“Terrorchi guruhlar bizning kelajagimizga rahna solish, erkinlik va huquqlarimizga putur yetkazish vositasi sifatida qo‘llanmoqda. IShID, “Boko Harom”, Ash-Shabob” va FeTO tomonidan amalga oshiriluvchi teraktlar nafaqat musulmonlarga ziyon yetkazadi, balki ba'zi doiralarga islom tinchlik dini emasligini aytishga imkon beradi. Bu terrorchilar qo‘lidan qancha begunoh musulmon halok bo‘lganiga hech kim e'tibor qaratmaydi. Ko‘plab g‘arb davlatlari o‘zining ichki muammolarini yashirish uchun olovga moy sepishadi”, deb aytgan Erdo‘g‘an. 

Uning aytishicha, islom davlatlariga ozchiliklarning huquqlari bo‘yicha e'tirozlar bildirayotganlar Afrika va Osiyoning ko‘plab davlatlarida musulmon ozchiliklarga nisbatan etnik tozalashlar sodir etilishiga ko‘z yumadilar.

“Biz bu ikkiyuzlamachilik adolatli kurashimizdan chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Musulmonlar butun dunyoda adolatga intilishlari lozim”, deb so‘zlarini intiholagan Erdo‘g‘an. 

Top