01:20 / 18.04.2018
37254

«Obod qishloq»larda o‘qituvchilar ishlatilayotgani ma'lum bo‘ldi

Foto: sangzor.uz

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning ma'lum qilishicha, «Obod qishloq» loyihasi doirasidagi ishlarga byudjyet tashkilotlari xodimlari majburan jalb qilingani aniqlangan. Bu haqda bosh vazir «Hududlarda dala va tozalash-obodonlashtirish ishlariga tibbiyot va ta'lim muassasalari xodimlari, talabalar va ijtimoiy soha vakillarini jalb qilishni taqiqlash va ushbu holatlarga yo‘l qo‘ygan barcha darajadagi hokimlar va rahbarlarning shaxsiy mas'uliyat va javobgarligini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash» masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tgan.

«Joriy yilda hududlarda muhtaram prezidentimiz tashabbusi bilan «Obod qishloq» dasturi joriy etildi. Ammo yana janob hokimlarimiz tashabbuslari bilan byudjyet tashkilotlari xodimlari bu ishlarga ham jalb etilgan.

Masalan, Ulug‘nor tumanidagi Oqobod, Oltinko‘l tumanidagi Shahriobod, Bo‘z tumanidagi G‘olib, Peshku tumanidagi Turkiston, Qo‘shko‘pir tumanidagi Ittifoq, Urganch tumanidagi Turkman mahallalarida «Obod qishloq» loyihasi doirasidagi ishlarga o‘qituvchilar jalb etilgan.

Bundan tashqari, o‘qituvchi va shifokorlarni qishloq xo‘jaligi ishlariga ham keng jalb etish amaliyoti kuzatilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumani, Andijon viloyatining Oltinko‘l tumani, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumani, Samarqand viloyatining Paxtachi tumani, Xorazm, Farg‘ona viloyatlarining qator tuman va shaharlaridagi ayrim ta'lim muassasalari xodimlari majburiy mehnat ishlariga jalb qilingan. 

Oliy ta'lim muassasalarining 2017/2018 o‘quv yilidagi holati tahlil qilinganda, mamlakat bo‘yicha ko‘cha supurish ishlariga 17 ming, ariq tozalash ishlariga 4 ming, qurilish ishlariga 7 ming, dala ishlari, chopiq, chekanka, yig‘im-terimga 23 ming nafar talaba va o‘qituvchilar majburan jalb etilgani aniqlandi. 

Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 9 mingdan ortiq, Andijon viloyatida 8 ming 500, Jizzax viloyatida 5 ming, Namangan viloyatida 2 ming 600, Toshkent viloyatida 5 ming 500 ga yaqin talaba va o‘qituvchilar turli ishlarga jalb qilingan. 

Samarqand viloyati Nurobod tumani Jom qishlog‘ida «Obod qishloq» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlariga nafaqat tumandagi, balki qo‘shni tumandagi maktab o‘qituvchilari va shifokorlar ham majburan jalb etilgan.

Bundan tashqari, o‘qituvchi va shifokorlarni qishloq xo‘jaligidagi ishlarga keng jalb qilish tizimga aylanib boryapti. Masalan, Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida xalq ta'limi xodimlari o‘qituvchilari chigit ekish ishlariga jalb etilgani aniqlandi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida kasb-hunar kolleji direktorlari qishloq xo‘jaligi ishlarini tashkil etishda fermer xo‘jaliklariga vakil sifatida biriktirib qo‘yilgan. 

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidagi barcha kollej, maktab direktorlari tomorqadan unumli foydalanish ishlarini tashkil etishga, Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi 8ta kollej mutasaddilari uzumchilik bilan shug‘ullanuvchi fermerlarga biriktirib qo‘yilib, tokni ochish va ko‘mishga doimiy ravishda qarashib kelgan. 

Shu bilan birga, obodonlashtirish ishlari jarayonida kollej o‘qituvchilari alohida uylarga biriktirilishi, hatto noqonuniy qurilmalarni buzishlarga ham jalb qilinishi holatlari mavjud.

Urganch shahridagi 13ta kollej, Urganch tumanidagi 8ta kollejning barcha o‘qituvchilari o‘zlariga biriktirilgan xonadonlardan panjaralarni olib tashlash, inshootlarni buzish, xonalarni tartibga keltirish ishlariga jalb etilgan.

Bo‘g‘ot tumanidagi 7ta kollejning har biriga 4tadan xonadonni obodonlashtirish va yo‘llarni tozalash majburiyati biriktirilgan.

Farg‘ona shahridagi 25ta kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga kichik halqa yo‘lini obodonlashtirish, Marg‘ilon shahridagi 12ta  kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘qituvchilariga esa Ahmad Yassaviy ko‘chasidagi ishlar topshirilgan.

Ko‘rib turganingizdek, ta'lim sohasi xodimlari o‘quvchilarga chuqur bilim berish o‘rniga butunlay boshqa ishlar bilan shug‘ullanib yurishibdi.

Yoki Sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari o‘zlari ustida ishlab, xonadonma-xonadon yurib, profilaktika ishlarini bajarish o‘rniga har xil obodonlashtirish ishlariga jalb etib kelinmoqda», deya bosh vazir so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Obod qishloq dasturi

Prezidentning shu yil 29 martida «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Unda respublikaning turli chekkalarida istiqomat qiluvchi fuqarolarning yashash sharoitlarini yaxshilash nazarda tutilgan

Barchasi
Top