14:50 / 19.04.2018
52299

Foto: Shavkat Mirziyoyev Qandim gazni qayta ishlash majmuasi ochilish marosimida

Bugun, 19 aprel kuni Buxoro viloyatida Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Majmuaning ochilish marosimi aynan bugunga to‘g‘ri kelgani bejiz emas. Shavkat Mirziyoyev bundan roppa-rosa ikki yil muqaddam – 2016 yil 19 aprel kuni Buxoro viloyatidagi Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishini boshlab bergan edi. O‘tgan vaqt mobaynida bu yerda ulkan sanoat kompleksi va shaharcha bunyod etildi. 

2018 yil 19 aprel kuni ushbu majmuaning ochilish marosimi bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlatimiz rahbari Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar sanoatning yetakchi yo‘nalishlarini izchil rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta'kidladi. Yoqilg‘i-energetika tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar faol jalb etilayotgani, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi O‘zbekiston bilan Rossiya hamkorligining yorqin namunasi ekanini qayd etdi. Muhandis va quruvchilarga minnatdorlik bildirib, korxona jamoasiga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tabrigini energetika vaziri Aleksandr Novak o‘qib eshittirdi.

«Lukoyl»  kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperov, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi muhandisi Shahzod Qurbonov, neft-gaz sohasi faxriysi Komil Fozilov so‘zga chiqdi.

Majmua faoliyatiga start beruvchi ramziy tugma bosildi.

Ushbu sanoat kompleksida yiliga 8,1 milliard kub metr gaz qayta ishlanadi. Bu orqali tozalangan tabiiy gaz, gaz kondensati, oltingugurt kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta'minlanadi.

Umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod bo‘lgan mazkur yirik loyiha «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi bilan Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi hamkorligida ro‘yobga chiqdi. 114ta quduq kovlanib, gazni yig‘ish va qayta ishlash tizimlari qurildi. Bu jarayonda murakkab texnik yechimlar, ilg‘or texnologiyalar qo‘llanildi. Yo‘llar, terminallar, magistral gaz quvuri, elektr, suv tarmoqlari va boshqa infratuzilma obektlari barpo qilindi. 

Qorako‘l tumanining olis cho‘l hududida 1 ming 150 kishiga mo‘ljallangan shaharcha bunyod etildi. U yerda ishchilarning yashashi va dam olishi uchun zarur sharoit yaratildi. 

Shavkat Mirziyoyev majmuaning texnologik jarayonini ko‘zdan kechirdi. Laboratoriya va operatorlik boshqaruvi xonalarida bo‘ldi.

Top