23:54 / 20.04.2018
10497

AQSh demokratlari Rossiya, Tramp yordamchilari va WikiLeaks’ni sudga berdi

AQSh Demokratik partiyasi milliy qo‘mitasi Rossiya, Donald Tramp yordamchilari va WikiLeaks’ni 2016 yilda AQShda o‘tgan prezident saylovlarida til biriktirishda ayblab, ular ustidan ko‘p million dollarlik da'vo arizasi topshirdi. Bu haqda The Washington Post nashri xabar berdi. 

Da'vo arizasi Manxetten okrug sudiga topshirilgan. Unda aytilishicha, Tramp kampaniyasining yuqori lavozimdagi vakillari Rossiya hukumati va uning “josuslik agentligi” bilan Trampni hokimiyat tepasiga keltirish maqsadida til biriktirishgan. Aytilishicha, ular buni yana bir nomzod Hillari Klintonga ziyon yetkazish maqsadida Demokratik partiya kompyuter tarmoqlarini buzib kirib amalga oshirishgan. Shu bilan birga, Trampning o‘zi bu da'vo arizasida ayblanuvchi sifatida keltirilmagan.

Shikoyatda ta'kidlanishicha, Rossiya sud ta'qibidan immunitet huquqiga ega emas, chunki serverlarning buzib kirilishi bu “tijorat siri va iqtisodiy josuslik maqsadida” shaxsiy mulkning buzilishi hisoblanadi. Partiya, shuningdek, xakerlar tomonidan yetkazilgan ziyon: saylovchilar bilan muloqot, xayriya mablag‘larini yig‘ish va samarali faoliyat yuritish imkoniyatlarining yo‘qqa chiqishi uchun millionlab dollarlar talab qilmoqda.

“2016 yilgi prezident saylovlari kampaniyasida Rossiya demokratiyamizga hujum qilgan va buning uchun shay va faol sherik: Donald Tramp kampaniyasini topgan”, deb aytdi qo‘mita raisi Tomas Peres. Uning aytishicha, o‘zining saylovlardagi g‘alabasi imkonini oshirish uchun dushman davlat bilan birlashish misli ko‘rilmagan sotqinlikdir.

Tramp bir necha martalab hech qanday fitna bo‘lmaganini aytgan. 

Mavzuga oid
Top