11:28 / 20.04.2018
17174
Rossiya FXX Telegram’ni nega bloklashga qaror qilgani ma'lum bo‘ldi
Foto: Illyustrativ surat /Sergey Konkov

Rossiyada Telegram messenjerini bloklashning haqiqiy sababi egasining o‘z kriptovalyutasini ishga tushirish bo‘yicha rejalari bo‘lgan, deya xabar beradi RBK.

Rossiyada Telegram messenjerini bloklashga qaratilgan muvaffaqiyatsiz urinishlar so‘nggi kunlarda Rossiya FXXning 12-markazi xodimlari va boshqa tegishli idoralar vakillari o‘rtasida faol muhokama qilingan. Xususan, 18 aprel kuni FXX 12-markazining xodimi Roman Antipkin hamkasblariga xat yo‘llab, unda Rossiyada Telegram bloklanishining haqiqiy sababi Pavel Durov messenjer asosida «butunlay nazorat qilinmaydigan moliyaviy tizimni» ishga tushirish niyatida ekaniga bog‘liqligini bildirgan.

«Hamkasblar, gap umuman boshqa narsa haqida! Gap kalitlar va terrorizmda emas. Pasha Durov yangi Mavrodiga aylanishga qaror qildi. U o‘z kriptosini ishga tushirgach, Rossiyada butunlay nazorat etilmaydigan moliyaviy tizim paydo bo‘lardi. Hamda bu marginallar uchun bitkoin emas, bu oddiy, ishonchli va nazorat etilmaydigan narsaga aylanadi. Bu mamlakat xavfsizligiga tahdid. Barcha giyohvand moddalar, naqdlashtirish, organlar savdosi Pashaning kriptasi orqali o‘tardi, u esa: «Mening aybim yo‘q, so‘zlarni taqiqlang, ulardan terrorchilar foydalanmoqda», deydi», - deyiladi Roman Antipkin tomonidan imzolangan xatda.

RBK Roman Antipkin bilan bog‘lanishga uringan. U Telegram bloklanishi bilan bog‘liq vaziyatda o‘zining o‘rni haqidagi birinchi savolga shunday javob qaytardi: «Hamma aldamoqda, men hech qanday izoh bermayman va siz nima haqida gapirayotganingizni tushunmayapman».

FXX Jamoatchilik bilan aloqalar markazi bu borada izoh bermagan. Shuningdek, Pavel Durov ham javob qaytarmadi.

Pavel Durov Gram kriptovalyutasiga ega Telegram Open Network (TON) nomli blokcheyn-platformani ishga tushirish niyatida ekani 2017 yilning oxirida ma'lum bo‘ldi. Loyiha Telegram texnik direktori va Pavel Durovning akasi Nikolay Durov tomonidan imzolangan 132 sahifali hujjatda batafsil yoritilgan. Yaratuvchilar Telegram messenjeriga TON blokcheyni asosida to‘lov tizimini joylashtirishni mo‘ljallashmoqda, istiqbolda esa u boshqa servislar va ijtimoiy tarmoqlarga kirib boradi. Durovlar tomonidan ishlab chiqilayotgan blokcheyn, hujjatda aytilishicha, u soniyasiga million tranzaksiyalarni qayta ishlay oladi. Shu bilan birga, kriptovalyutadan foydalanuvchi eng ommabop to‘lov tizimi Bitcoin soniyasiga faqat 9-12 tranzaksiyani qayta ishlasa, Visa va MasterCard esa – soniyasiga bir necha mingta tranzaksiyalarni.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kreml Telegram bloklanishi tufayli boshqa servislar ishida nosozlik yuz berishi kerak emasligi haqida ma'lum qilgandi.

 

Top