13:06 / 21.04.2018
18290
Bola qotilligida kim aybdor?

2017 yilning 15 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Videoselektorda davlat rahbarining omma oldida xalq uchun jon kuydirib so‘zlaganiga qaramasdan hali-hamon mahallalarda yashayotgan aholi o‘rtasida, eng achinarlisi oiladagi turli nizo va kelishmovchiliklar sababli qotilliklar soni tobora ortib bormoqda.

Aprel oyining birinchi kunidan boshlab respublikamiz hududida oilalardagi ziddiyatlar oqibatida aka singlisini, er ayolini, o‘g‘il o‘z otasini, xotin erini, o‘g‘il ona va ukasini kaltaklab vahshiyona o‘ldirgan yoki kelin qaynonasining tazyiqlaridan bezib o‘zini osgan. Bu kabi o‘lim holatlarining balki, qanchadan-qanchasi OAVda e'lon qilinmasdan fojia sifatida ommadan sir tutilayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo bular orasida eng dahshatlisi uch yoshga to‘lmagan farzandini bo‘g‘ib o‘ldirgan ona nomiga dog‘ tushirgan ayolga nima deyish mumkin?

Mamlakatimiz istiqboli uchun naf keltiradigan murg‘ak qalb egasini bevaqt o‘ldirishga onaning nima xaqi bor? Butun jahon hamjamiyati tomonidan o‘zbek millati bolajon xalq deb turgan bir vaqtda, ayol dunyoga keltirgan bolasiga vahshiy o‘limni ravo ko‘rsa. Onaning farzandini bo‘g‘ish jarayonidagi mungli qarashlari, xayot uchun kurashib nolali yolvorish holati ko‘z oldiga, xayoliga kelmadimikan? Har bir ishning amalga oshirilishida ma'lum bir sabab va muammolar bo‘lishi tayin. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham ona o‘z farzandining qotiliga aylanishi bu jaholatdir.

Biz hozir barcha aybni ayolning gardaniga qo‘yishimiz ham nojoizdir. Balki mahalla fuqarolar yig‘ini raisi vazifasini vaqtida vijdonan ado etganida ayolning oilasida ajrim yuzaga kelmasmidi? Kelin turmush o‘rtog‘ining uyidan ketmaganida norasida bolaning hayotiga zulm qilinmasmidi? Ayol oilasidan, yaqinlaridan muammoli vaziyatda yordam kutsa-da, bu masalada unga hech kim ko‘mak bermasa. Nima qilish kerak? Inson psixologiyasida ba'zan muammoli yechimlarga kimdir irodasining mustahkamligi tufayli vaziyatdan oqilona chiqib ketishga xarakat qiladi. Yana kimdir ma'naviyati sustligi va bilimsizligi sabab, aybni taqdirga yo‘yib vahshiyliklar, qing‘ir yo‘llarni tanlashni o‘ziga to‘g‘ri deb biladi. 
Biz ayolning oilasida qanday chigal vaziyatlar bo‘lganiga guvoh emasmiz. Ammo yaqinlari uning jar yoqalab ketayotganini ko‘ra bila turib, nega unga yordam qo‘lini cho‘zmaganini og‘riqli nuqta, deb hisoblayman.

Balki ayolning qaynonasi, o‘g‘liga kelinining faqat kamchiliklarini ro‘kach qilib, oilada janjal bo‘lishi yo‘l qo‘ymasdan, yangi kelin olishni emas, aksincha, nabirasi tirik yetim bo‘lmasligi uchun oilani saqlab qolishi ham mumkin ediku? Yoki aksincha qizi xato qilib oilasidan ajrashibdi, ona nega uni ayol boshi bilan ko‘chada qoldirishni afzal ko‘rmoqda.  Masalaning yana bir tomoni har ikki oilada ham erkaklar bor. Nega qizning otasi ayolining qat'iy so‘zi uchun farzandini ko‘chada xor bo‘lishiga indamay jim qarab turibdi, yana biri esa go‘dakning otasi bo‘la turib jufti halolini ko‘cha-kuyda uy izlab yurishiga erkaklik ori kelmayapti. Bu mudhish voqea shunday darajada avj olishga borib yetibdi, ayol omma oldida o‘zini oqlab farzandim baribir och va uysiz ko‘chada xor bo‘lib o‘lishi mumkin edi, deya andishasizlarcha hisobot bermoqda. Ammo uning bu ishi ayollik sha'niga naqadar zid ekanligini, qotil ona maqomini olish razolatliginida  anglab yetmasa.

O‘zbek millatida azaldan oilada farzandlar tarbiyasi shakllanishida ayolning ma'naviyati yuksak bo‘lishi lozimligi, bolalarga ona mas'ul shaxs hisoblanishi borasida qanchadan-qancha ko‘rsatuvlar tayyorlanib, xalqqa namoyish etilmoqda. Bu kabi holatlarning ortida bilimsizlik natijasida ma'naviyatning yetishmasligi, insoniylik fazilatlarining yo‘qligi, eng muhimi, biz qanday ajdodlarning vorisi ekanligimizni unutib qo‘yayotganimizdir. Axir erkak kishi ko‘chaning odami, deya bekorga aytishmagan. Siz onasiz, ayolsiz, kelinsiz millatning ertangi kuni sha'ni va qadr-qimmati mamlakat kelajagi uchun voyaga yetkazayotgan komil yosh avlod taqdiri siz aziz opa-singillarga bog‘liqligini unutmang.

Shahnoza Tojiddinova,
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bosh mutaxassisi

Top