19:40 / 21.04.2018
12880

Ilg‘or texnologiyalar markazi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Ilg‘or texnologiyalar markazini tashkil qilish to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar Akademiyasi xamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining «Yuqori texnologiyalar o‘quv-eksperimental markazi» Davlat korxonasini O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markaziga aylantirish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Ilg‘or texnologiyalar markazining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

fundamental, amaliy ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish va ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish;

dunyo talablari va standartlari darajasida maqsadli ilmiy-texnik va innovatsion dasturlarni bajarish, ishlab-chiqarish korxonalarida tadqiqot-sinov ishlarini bajarishga ko‘maklashish;

olimlar va tadqiqotchilarni hamkorlik qilishga jalb etish uchun zaruriy sharoitlarni yaratish, ilmiy hajmdor mahsulotlar va raqobatbardosh mahalliy innovatsion texnologiyalarni yaratish maqsadida fan, ta'lim va ishlab-chiqarishning o‘zaro integratsiyasini ta'minlash;

iqtisodiyot sohasida ilmiy va oliy ta'lim muassasalarining yangi istiqbolli g‘oyalari va innovatsion ishlanmalarini shakllantirishga ko‘maklashish, uskunalar va infratuzilmadan hamkorlikda foydalanish asosida yuqori texnologik innovatsion ishlab chiqarishlarni har tomonlama ko‘llab-quvvatlash;

akademik, oliy ta'lim va tarmoq fanlari bilan hamkorlikning samarali shakllarini rivojlantirish, hamkorlikda ilmiy-tadqiqotlarini bajarish;

xalqaro darajada patentlash imkoniyatiga ega bo‘lgan ilmiy hajmdor va ilg‘or texnologiyalarni yaratish, yangi innovatsion mahsulotlarning namunalarini maketlashtirish, modellashtirish, tayyorlashda va ularni tekshirishda ishtirok etish;

yosh olimlar tomonidan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishning zamonaviy, dunyo amaliyotida ilg‘or bo‘lgan usul va texnologiyalarini o‘zlashtirishlari maqsadida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat uchun kulay shart-sharoitlar yaratish;

mahalliy va xorijiy ilmiy va oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda, shu jumladan innovatsion faoliyatni tashkil etish va boshqarish, texnologiyalarning transferi va intellektual mulk obektlarini kommertsializatsiyalash masalalari yuzasidan ilmiy konferensiyalar, seminarlar, treninglar va mahorat darslarini tashkillashtirish;

ilmiy faoliyatni natijadorligini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni tashkil etishning yangi shakllarini ko‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi uslubiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish uchun informatsion-kommunikatsion texnologiyalarining imkoniyatlaridan keng foydalanish;

xalqaro ilmiy-texnik hamkorlik shakllarini rivojlantirishda ishtirok etish, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ilmiy-texnik va innovatsion loyihalarni, shu jumladan xalqaro dasturlar va jamg‘armalarning grantlarini jalb etgan xolda bajarish.

Belgilab qo‘yilishicha:

Ilg‘or texnologiyalar markazi davlat ilmiy muassasasi shaklidagi yuridik shaxs bo‘lib, davlat tilidagi nomi va O‘zbekiston Respublikasining gerbi tasviri tushirilgan muhriga va blanklariga, mustaqil balansiga, banklarda hisob raqamlariga va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining g‘aznachiligida g‘azna hisob raqamlariga egadir;

Ilg‘or texnologiyalar markazining direktori innovatsion rivojlanish vaziri tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Ilg‘or texnologiyalar markazi xodimlariga lavozim maoshlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ilmiy muassasalaridagi tegishli lavozimlarga belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi;

O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi:

Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Fanlar Akademiyasi va iqtisodiyot real sektorining korxonalari — istiqbolli buyurtmachilar bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Ilg‘or texnologiyalar markazining 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni kiritadi;

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruv akademiyasi, Fanlar Akademiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda «Innovatsion menejment» va «Investitsion loyihalarni boshqarish» fanlari bo‘yicha maxsus o‘quv dasturlarini yaratish va Davlat boshqaruv akademiyasida rahbar kadrlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv rejalariga joriy etishni ta'minlaydi.

Ilg‘or texnologiyalar markazi faoliyatining moliyaviy manbalari etib kuyidagilar belgilandi:

binolar, xonalar va inshootlarni saqlash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish hamda Ilg‘or texnologiyalar markazi xodimlarining ushbu qarorda belgilangan umumiy shtat birliklari doirasida mehnatiga haq to‘lash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetidan ajratiladigan mablag‘lar;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalari bo‘yicha ajratiladigan grantlar;

Ilg‘or texnologiyalar markazining faoliyatiga mos yo‘nalishlar bo‘yicha xo‘jalik shartnomalarini bajarish asosida olingan mablag‘lar;

xayriya qiluvchilar — yuridik va jismoniy shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining o‘rnatilgan tartibda beriladigan mablag‘lari;

xalqaro moliyaviy tashkilotlar va institutlarning grantlari va kreditlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziriga kuyidagi huquqlar berildi:

zarur hollarda, Ilg‘or texnologiyalar markazining tashkiliy tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy shtat birligi va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartishlar kiritish;

Ilg‘or texnologiyalar markazi xodimlarining lavozim maoshlariga (tarif stavkalariga) asosiy egallab turgan lavozimi bo‘yicha, qonunchilikda ko‘rsatilgan boshqa qo‘shimchalar va ustamalardan qat'iy nazar Ilg‘or texnologiyalar markazining va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ustamalar belgilash.

Ilg‘or texnologiyalar markaziga beg‘araz asosda:

Toshkent shahar, Olmazor tumani, Talabalar shaharchasi, Za-uy manzilida joylashgan Yuqori texnologiyalar markazining binosi, inshootlarini unga tutash hudud bilan birgalikda operativ boshqaruv huquqi bilan;

Yuqori texnologiyalar markazining laboratoriya uskunalari, mebel, kompyuter texnikalari va boshqa mulklari beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining buyurtmanomalariga binoan Markazga ishga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga o‘rnatilgan tartibda kirish vizalarini konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirishni ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining buyurtmanomalariga binoan Markazga ishga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik kirish vizalari berilishi va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaktincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini davlat boji undirilmasdan ta'minlaydi.

 

Mavzuga oid
Top