23:45 / 21.04.2018
8578

Samarqandda Biznes forum o‘tmoqda: so‘g‘dlik mehmonlar diqqatga sazovor joylarni aylanishdi

Ma'lumki, bugun Samarqand shahrida Samarqand viloyati hokimligi va Tojikistonning So‘g‘d viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Biznes forum ish boshladi.

Kun avvalida biznes-forumda ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurgan So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda boshchiligidagi delegatsiya a'zolari Hazrati Xizr majmuasida Islom Karimov qabrini ziyorat qildi.

 

Foto: zarnews.uz

O‘zbek-tojik biznes-forumi ishtirokchilari Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘i hududidagi o‘zbek va tojik adabiyotining ikki buyuk mutafakkiri — Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykali yonida tashkil etilgan madaniy tadbirda qatnashdilar.

Dastlab Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev hamda So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda haykal poyiga gullar qo‘ydi.

 

Foto: zarnews.uz

Samarqand shahridagi «Registon Plaza» mehmonxonasi hovlisida samarqandlik va so‘g‘dlik ishbilarmonlar ishtirokidagi biznes-forum o‘z ishini boshladi.

Ta'kidlash lozimki, biznes-forumning asosiy maqsadi ikki davlatning umumiy transport-kommunikatsiyaviy imkoniyati va tranzit salohiyatidan to‘la foydalanish orqali o‘zaro tovar aylanmasi hajmini son va miqdor jihatidan oshirish, sanoat mahsulotlari milliy ko‘rgazmasini tashkil etish hisobiga tadbirkorlarimiz o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashdan iborat.

 

Foto: zarnews.uz

Forum doirasida ishtirokchilar uchun ikki mamlakatda investorlar uchun yaratilayotgan sharoit, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, soliq va bojxona imtiyozlari haqida muhim ma'lumotlar berilib, mavjud iqtisodiy imkoniyatlar taqdimoti o‘tkaziladi.

Foto: zarnews.uz

Ayni paytda forumda viloyatimiz va tojikistonlik hunarmandlar, ishlab chiqaruvchi korxonalar va tadbirkorlar mahsulotlari namoyish etilmoqda.

Samarqand shahrida tashkil etilgan biznes-forum tadbiri doirasida Tojikiston Yozuvchilar uyushmasining So‘g‘d viloyati bo‘limi raisi Ahmadjon Rahmatzod, Tojikiston xalq shoiri Farzonai Xo‘jandiy, viloyatda o‘zbek tilida chop etiladigan «So‘g‘d haqiqati» gazetasi muharriri Farhod Jo‘rayev, «Payomi Sug‘d» jurnali bosh muharriri Tolibi Ozaraxsh va bir qator so‘g‘dlik ijodkorlar Samarqand viloyat Matbuot uyida bo‘ldi.

Mehmonlar «Zarafshon», «Samarkandskiy vestnik», «Ovozi Samarqand» gazetalari tahririyati faoliyati, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Suhbatlashish jarayonida Samarqand va Sug‘d viloyatlarining ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-madaniy sohalardagi yangiliklarni gazetalarda yoritishdagi samaralari, o‘zaro hamkorlikda faoliyat yuritish istiqbollari haqida fikrlashishdi.

 

Foto: zarnews.uz

— Samarqand jurnalistikasi, xususan, «Zarafshon» va «Ovozi Samarqand» gazetalari haqida eshitganman, — dedi F.Jo‘rayev. — Bugun esa ushbu nashrlar tahririyati, bo‘limlari faoliyati, bu yerda ishlayotgan xodimlar bilan tanishish va tajriba almashish imkoniyati tug‘ilganidan mamnunman. Gazeta taxlamlarini varaqlab, sahifalardagi ayrim maqolalarni o‘qib, qisqa muddatli suhbatlarda Samarqand matbuoti haqida tugal fikrlar bildirish qiyindir, ammo bu yerda tashkil etilgan viloyat matbuot tarixi muzeyi soha hayotida ibratli ish bo‘libdi. Biz mavjud eksponatlarni tomosha qilib, o‘zimizga kerakli xulosalarni oldik.

Tojikistonning So‘g‘d viloyati hokimi Rajabboy Ahmadzoda va so‘g‘dlik tadbirkorlar Samarqanddagi «SamAvto» zavodida bo‘lishdi

 

Foto: zarnews.uz

Mehmonlar «SamAvto»da avtobus, yuk mashinalari va maxsus avtotransportlar ishlab chiqarilishi jarayoni bilan tanishishdi.

Rajabboy Ahmadzoda va so‘g‘dlik tadbirkorlar viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev hamrohligida Past Darg‘om tumanidagi «Past Darg‘om saxovati» qo‘shma korxonasida gidroponika usulida tashkil qilingan issiqxona faoliyati bilan tanishdi.

Foto: zarnews.uz

Bu yerda zamonaviy usulda kompyuterlashtirilgan texnologiyalar asosida pomidor yetishtirish va uni xorijga eksport qilish mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. So‘g‘dlik tadbirkorlar ushbu korxona bilan hamkorlikda Tojikistonda shu kabi issiqxonalar tashkil qilishga kelishib oldilar.

Samarqand va So‘g‘d viloyatlari san'atkorlari ishtirokida konsert dasturi boshlandi. Kontsert avvalida Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev va So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda ishtirokchilarni tabrikladi.

Foto: zarnews.uz

Ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani ta'kidlandi.

«Zarafshon» gazetasi xabarlari asosida tayyorlandi

Top