10:40 / 22.04.2018
30743

6 mamlakat armiyalari o‘rtasida O‘zbekiston harbiylari ikkinchi bo‘lishdi

Joriy yilning aprel oyidan sentabr oyiga qadar MDHga a'zo davlatlar do‘stona armiyalari doirasida harbiy-amaliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgani haqida oldin xabar berilgan edi.

Mazkur dastur doirasida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari podpolkovnik Bahodir Tuxtanazarov, Zokir Xaziyev, mayorlar Madiyor Saidov, Sherzod Rashidov, kapitanlar Avaz Usmonov, Baxtiyor Madaminov, Odilbek Yuldashev, Husniddin Elmurodovdan iborat jamoa shu yilning 16-20 aprel kunlari Rossiya Federatsiyasida bo‘lib o‘tgan harbiy-amaliy sport turining “Komandirlik startlari” yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi va musobaqada ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

TsSKA (Markaziy harbiy sport klubi)ning “Igrovoy” universal sport majmuasida o‘tkazilgan musobaqalarda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, O‘zbekiston va Rossiya harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Chempionat dasturidan 2 ta jamoaviy sport turi va 4 ta yakka tartibda har biri uchun alohida kompleks mashqlar jamlangan 3 yosh toifa yo‘nalishida o‘tkazildi. Musobaqalarni 4 ta hakamlar brigadasidan iborat 58 nafar sport hakami baholab bordi.

Musobaqada ishtirokchilar estafeta yugurish (4x400), to‘rtkurash (suzish, to‘pponchadan o‘q otish, turnikda tortilish 3000, 2000 va 1000 m masofalarga yugurish)dan kuch sinashdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

2000 m masofaga yugurishda mayor M. Saidov 6.04 daqiqa natija bilan 6.07 daqiqada kelgan rossiyalikni ortda qoldirib, oltin medaliga erishgan bo‘lsa, hamyurtimiz kapitan D. Madaminov 6.22 daqiqaga kelib uchinchi o‘rinni qayd etdi. Estafeta yugurishda  3,42,2 daqiqada kelgan Belarus vakillari birinchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘zbekistonlik harbiylar 3,44,2 daqiqa natija bilan yana rossiyaliklardan (3,44,5) oldin bo‘lishdi. To‘rtkurash musobaqasida ham vakillarimiz 2-o‘ringa sazovor bo‘lishdi. Brigada komandirlari o‘rtasida podpolkovnik Z. Xaziyev, batalon komandirlari o‘rtasida mayor M. Saidov va vzvod komandirlari o‘rtasida kapitan A. Usmonov shaxsiy birinchilikda uchinchi o‘ringa erishdi. O‘zbekiston harbiylari chempionatda jami 1 ta oltin, 14 ta kumush va 5 ta bronza medali bilan mamlakatimizga qaytib kelishdi. Umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Rossiya va uchinchi o‘rinni Belarus harbiylari egalladi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Sovrindor jamoa 21 aprel kuni Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida tantana bilan kutib olindi.

 

Top