23:06 / 23.04.2018
10224

Buxoro osmonida aerostatlar parvoz qildi. Oldinda Xiva va Boysun!

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan 23 aprel kuni soat 17:00 da yana bir diqqatga sazovor voqea ro‘y berdi: Buxoroning kechki osmoniga bortida sportchilar bo‘lgan 5 aerostat ketma-ket ko‘tarildi. 

Qo‘mita vakillarining ma'lum qilishicha, havo sharlari parvozida nafaqat Xalqaro aeronavtika assotsiatsiyasi vakillari, balki O‘zbekiston aeronavtika federatsiyasi sportchilari ham qatnashishgan. 

Turli mintaqalar mamlakatlarida aerostatlar parvozi bo‘yicha katta tajribaga ega "Blaser Swisslube" kompaniyasi rahbari Piter Blazer O‘zbekiston shaharlaridagi havo sharlari parvozining yo‘lga qo‘yilishidan katta taassurot oldi. 

Yigirma kishidan iborat Shveytsariya delegatsiyasi vakillari O‘zbekiston madaniyati va me'morchiligidan yoqimli hayratda ekanliklarini bildirishdi, ayniqsa milliy taomlar mehmonlarga juda xush keldi.

Bundan avval KUN.UZ'da ko‘hna Samarqand osmoni uzra havo sharlari parvoziga start berilgani haqida xabar berilgan edi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillarining ma'lum qilishlaricha, 25 aprel kuni Xiva osmoni uzra aerostatlar parvozi rejalashtirilmoqda. 27 aprelda esa Xalqaro aeronavtika delegatsiyasi Surxondaryoga yo‘l oladi va Boysun uzra parvozlarni amalga oshiradi.

Mavzuga oid
Top