08:46 / 24.04.2018
38350

Azizbek davolanishi uchun yig‘ilgan pullar o‘g‘irlandi, oila yana qiyin ahvolga tushib qoldi 

“Onamning ko‘zida mujda bor. Xudodan so‘ragani - dardimga shifo. Rozichilik olganimda bardosh berolmaganidan qo‘yib yubormagan edi. Balki shungadir, Xudo meni ularga qaytarib berdi. Yoshim 18da. Lekin xastalik chipqonday yopishgandan beri 80 yil yashagandekman. Gaplarim ham avvalgidekmas. Bolalarcha orzu qilmay qo‘ydim. Niyatim onam va otamga birrov bo‘lsa-da xizmat qilib qolish. Nasib etadimi-yo‘qmi, Xudo biladi.  Bugun tashqariga chiqdim. Anchadan beri uyga ko‘milib yotgan edim. Negaligini bilmayman. Biroq o‘zimni o‘zim yeb qo‘yyapman. Qiziq, hovlidagi halinchak bo‘m-bo‘sh. Uning egasi bolalik. Bolalik esa meni erta tark etdi. Xudodan so‘raganim bor. Menga yana umr bersin. Shifo bersin! Yaxshilik bersin!”.

Bu - Azizbekning dil izhori. Har gal shu yigit yodimga tushsa, uning beg‘uborligidan hayratga tushaman. Xastalik tekkandan beri shifoxonadan shifoxonaga qatnamoqda. Afsuski, xastalik Azizbekni ham, uning ota-onasini ham tinkasini quritdi. Yodingizda bo‘lsa, Azizbekka xayriya aksiyasi ham tashkil etgan edik. Kuni kecha yana ularning holidan xabar olib qaytdik.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

- 7 sentabr kuni tashxis topshirgani kelganmiz. Undan oldin esa virusologiya shifoxonasiga borganmiz. O‘sha yerda tashxislarga qarab, gematologiyaga borishlaring kerak, deb aytishgan, - deydi biz bilan suhbatda Azizbekning otasi Anvar aka. – U yerda Azizbekning qoniga virus tushgani, davolanishi zarurligini aytishdi. Dori-darmondan ancha qiynaldik, lekin olib berdik. Ora-orada yordam ham bo‘ldi. O‘zim qashqadaryolikman, quruvchilikda ishlar edim. Ammo 8 oydan buyon o‘g‘limning yonida bo‘lganim uchun ishsizman hozir. Uch farzandim bor, Azizbek ularning kattasi. Boshimizdan juda og‘ir kunlar o‘tdi. O‘g‘lim yana ikkita operatsiyani boshidan o‘tkazishi kerak.

Hayotda shunday odamlar borki, hatto ojiz insonlarning boshidagi musibatidan foydalanib bo‘lsa-da, o‘z nafslari yo‘lida eng pastkash ishlarga ham qo‘l uradi. Gap shundaki, Azizbekka xayriya aksiyasi tashkil etganimizdan so‘ng, bemor uchun ochilgan plastik kartadan g‘ayriqonuniy tarzda mablag‘ o‘zlashtirishgan.

- 8 mln 80 ming pulni o‘zlashtirib yuborishdi. Men ularning qanday insonliklarini bilmadim. Ularning jazosini Xudoyimning o‘zi bersin. Xayriya aksiyasida ishtirok etib, bizga yordam qo‘lini uzatganlarga katta rahmat aytmoqchiman. Bizdan ham qaytsin, ilohim. Lekin, bilmayman, qaysi noinsof shu darajada kasal ekanligimizni bilib, pullarni yechib oldi? – dedi Azizbekning otasi. 

Voqea quyidagicha sodir bo‘lgan. Notanish bir inson Azizbekka telefon qiladi. “100 ming so‘m pul tashlab yubormoqchi edik, hozir bankda turibmiz, ammo bir tushunmovchilik bo‘lyapti. Shuning uchun hozir sizga oltita raqamdan iborat SMS boradi, shu raqamlarni bizga aytib yuboring”, deyishgan. Tabiiyki, bu gaplarga ishongan Azizbek ularga raqamlarni aytgan. Firibgarlar o‘sha kod orqali xayriya aksiyasida yig‘ilayotgan pullarni yechib olishgan. IIBga murojaat qilingan, ma'lumotlarga ko‘ra, ularning iziga tushilgan. 

Azizbek bilan suhbatda uning xastalikka chalingandan beri odamovi bo‘lib qolganligini bildik. Bu, albatta, yaxshi emas. Ruhan tushkunlikka tushib qolgan Azizbek bilan suhbatlashdik. Hovlida sayr qilishga ko‘ndirdik. Qo‘limizdan kelgancha unga dalda bo‘ldik. Ko‘rsatuv avvalida aytilgan dil izhori ayni hovlidagi sayrda Azizbekning qalbidan chiqqan izhor edi. Naqadar qiyin ahvol bo‘lmasin Azizbek bilan xayrlashdik.

Azizlar, shu yigitga mehr kerak. Ruhiy dalda kerak. Imkon qilsangiz suhbatlashing, davolanishiga ko‘maklashing. Duolaringizda Azizbekni eslab qo‘ying. Zero, Yaratguvchimizning rahmatlari shu kabi pok qalb egalarining dillaridadir.

Qo‘shimcha ma'lumotlar:

Xayriya qilmoqchi bo‘lganlar uchun:  Agrobank (Click, Payme) 
8600 0417 3667 4434 Arziyev Anvar

Telefon raqami: +99890 616 52 76 (Anvar aka, Azizbekning otasi)

Agrobank ATB Toshkent shahar filiali
MFO:
 00394
INN: 201 200 124
Naqd pul topshirganda: 2311 6000 6000 0039 4001
Mijoz arizasiga asosan kartadan kartaga pul o‘tkazilganda: 2311 8000 4000 0039 4001
Boshqa tashkilotlardan kelib tushgan mablag‘lar tranziti: 2312 0000 9000 0039 4001

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top