18:57 / 25.04.2018
23619

Matbuot erkinligi indeksi–2018: O‘zbekiston hamon matbuoti erkin bo‘lmagan davlatlar orasida

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti har yillik jahon davlatlarida matbuot erkinligi reytingini e'lon qildi. O‘zbekiston 2017 yilgi o‘rnini 4 pozitsiyaga yaxshilab, 180 davlat ichra 165-o‘ringa joylashtirilgan. «Chegara bilmas muxbirlar» mamlakatimizdagi so‘z erkinligi holatini «murakkab» deb baholamoqda.

Foto: rsf.org

Bunga sabab qilib, ayrim vajlar qatorida O‘zbekistonda ko‘plab xorijiy ommaviy axborot vositalarining internet-saytlari bloklangani ham keltirilgan. Qizig‘i shundaki, reyting chiqqan mazkur saytning o‘zi ham ayni paytda yurtimizda bloklangan.

Markaziy Osiyo davlatlari ichida qo‘shni Qirg‘izistonning «ahvoli» bir muncha yaxshiroq. Ayni paytda ular reytingning 98-o‘rniga joylangan. Biroq o‘tgan yili Qirg‘iziston reytingda 89-o‘rinda edi.

Rossiya — 148, Tojikiston — 149, Qozog‘iston — 158, Ozarboyjon — 163, Xitoy — 176, Turkmaniston — 178-o‘rinda. Reytingning eng so‘nggi — 180-o‘rni KXDRga berilgan.

An'anaviy ravishda Top-3 likka Shimoliy Yevropa davlatlari Norvegiya, Shvetsiya, Niderlandiya kiritilgan.

Germaniya — 15, Kanada — 18, Fransiya — 33, Buyuk Britaniya — 40, AQSh — 45-o‘rinda bormoqda.

Matbuot erkinligi reytingi «mahalliy jurnalistlarning erkinlik darajasi»ga ko‘ra saralangan 180 ta davlat ro‘yxatidan iborat.

U turli davlatlardagi jurnalistlar, yuristlar va sotsiologlarning maxsus anketasiga berilgan javoblariga ko‘ra tuziladi. Anketa savollari jurnalistlar ishi bilan bog‘liq keng doirali mavzularni qamrab oladi — qonunchilik, o‘zini o‘zi senzura qilish, medianing erkinligi, fikrlar plyuralizmi, turli institutlar va idoralarning jurnalistlar bilan ishlashga tayyorligi va hokazo.

Bundan tashqari, baholashda o‘ldirilgan, qamoqqa tashlangan jurnalistlar soni, shuningdek jinoiy ta'qib qilinayotgan blogerlar va jurnalistlar assistentlari kabi ayrim qo‘shimcha mezonlar ham hisobga olinadi.

Top