17:30 / 29.04.2018
20698

Ikkita Koreyaning birlashuvi: mamlakatlar yarashish haqida kelishishga qanday urinishgan

27 aprel kuni KXDR rahbari Kim Chen In va Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In 1950 yilda boshlangan va 1953 yilgacha qurolli to‘qnashuvlar ko‘rinishida davom etgan Koreya urushiga barham berish borasida kelishib olishdi. Davlat rahbarlari so‘zlariga ko‘ra, tinchlik bitimi 2018 yil oxirida imzolanadi.

Foto: WTOP

Bu ikkita Koreyaning so‘nggi 65 yil ichida birlashish uchun qilgan ilk harakati emas: mamlakatlar bir necha marta yarashib olishga va hatto qo‘shilishga urinib ko‘rishgan, ammo munosabatlar har gal yomonlashavergan.

Birlashish uchun ilk harakat

Shimoliy va Janubiy Koreya birinchi marta 1971 yilda muzokara o‘tkazib, birlashishning asosiy tamoyillarini belgilab olishdi. 1972 yilda qabul qilingan «Shimol-Janub» kelishuviga asosan, birlashuv uchta shartning bajarilishi asosida yuz berishi lozim edi: ikkita Koreyaning mustaqilligini saqlab qolish, milliy birlikka olib keluvchi tinch vositalarni qo‘llash, mafkura va tizimdagi farqlarga barham berish.

Janub va Shimol o‘rtasida o‘zaro ishonch muhitini yaratish va keskinlikni yumshatish uchun, har ikkala tomon bir-birini haqorat va tuhmat qilmaslik, qurolli to‘qnashuvlarni amalga oshirmaslik va ularning oldini olishga rozi bo‘lishdi.

1972 yilda qabul qilingan «Shimol-Janub» deklaratsiyasidan

Ammo bu kelishuv har bir mamlakatning faqat o‘z manfaatini ko‘zlashi tufayli amalga oshmay qoldi. SSSR tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Shimoliy Koreya janubliklarni ittifoqdoshlari - AQSh va Yaponiyadan uzoqlashtirishga harakat qildi. Janubiy Koreya rahbari Pak Chon Xi esa muzokaralardan o‘z avtoritar hokimiyatini kuchaytirish vositasi sifatida foydalandi.

Foto: Wilson Center

Koreya Demokratik Konfederativ Respublikasi

Shimoliy va Janubiy Koreya deyarli muloqot qilmaganida ham, birlashishga chaqiriqlar bo‘lgan. 1980 yili KXDR rahbari Kim Ir Sen Koreya Mehnat partiyasining VI qurultoyida Koreya Demokratik Konfederativ Respublikasini tashkil qilishni taklif etdi. U ikkita tizimli davlat - ikkita hukumat, ikkita mafkura, biroq bitta millat, bitta mudofaa vazirligi, bitta tashqi siyosatga asoslangan davlat bo‘lishi lozim edi.

Tarixda mavjud bo‘lgan va dunyoga mashhur yagona davlatning nomidan foydalanib, shuningdek, Shimol va Janubning umumiy siyosiy g‘oyalarini aks ettirgan holda, demokratiyaga intilib, yangi davlatni Koreya Demokratik Konfederativ Respublikasi deb nomlash maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

Kim Ir Sen

Foto: Tongilnews

Konfederatsiya nomi X-XIV asrlarda mavjud bo‘lgan Koryo feodal davlatidan olindi. Shu tarzda Pxenyan «millatni samodan turib boshqaruvchi abadiy prezident» g‘oyasiga tayanmoqchi bo‘ldi. Biroq, Janubiy Koreyada bu taklif hatto muhokama ham qilinmadi.

«Sovuq urush»ning tugashidan munosabatlarning tiklanishi uslubi sifatida foydalanish

1980-yillar oxirida «sovuq urush»ga barham berilishi natijasida, ikkita mamlakat o‘rtasidagi ziddiyat vaqtincha to‘xtatildi. Bunga 1988 yili Seulda o‘tgan yozgi Olimpiada o‘yinlari sabab bo‘ldi. U janubliklar rahbariyatiga kommunistik davlatlar bilan aloqalarni yaxshilashga yordam berdi. KXDR tomonidan musobaqaning boykot qilinishiga qaramay, unda 159ta mamlakat ishtirok etdi, bu o‘sha davrning rekordi edi.

Foto: Time

Qizig‘i shundaki, Olimpiadaga «sovuq urush»ning har ikkala bloki vakillari, shu jumaladan SSSR va Xitoy ham tashrif buyurdi. Biroq, KXDR qo‘shni davlat uchun «bosh og‘rig‘i» bo‘lib qolaverdi.

Foto: AP

Yaqinda oshkor qilingan MRB (AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi) maxfiy hujjatlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya bir qancha terrorchilik hujumlari orqali Olimpiadaning o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgani aniqlandi. Musobaqa o‘tkazilishidan 1 yil oldin, 1987 yil 27 noyabr kuni KXDR hukumati topshirig‘iga assosan, 2 nafar maxfiy agent Janubiy Koreyaning Korean Air Lines avikamopaniyasiga tegishli Boeing 707 samolyoti bortiga bomba o‘rnatadi. Bomba 29 noyabr kuni Bag‘dod — Abu-Dabi — Bangkok — Seul reysida portlatiladi, natijada 115 nafar inson halok bo‘lgan. Keyinchalik, janubliklar KXDR fuqarosi, 28 yoshli maxfiy agent Kim Xyonxini hibsga olgan, biroq, uni shimolliklar rejimi qurboni sifatida aybsiz deb topgan edi.

Foto: CNN

Janubiy Koreya xalqaro maqomining oshib borishi, SSSR va Xitoy bilan faol diplomatiyasi o‘z mevasini berdi. Munosabatlar keskin bo‘lishiga qaramay, Pxenyan oxir oqibatda Seul bilan muzokara o‘tkazishga rozi bo‘ldi.

1991 yili KXDR va Janubiy Koreya yana yarashish g‘oyasiga qaytib, bu haqda dastlabki kelishuvni imzoladilar. Uning muhim jihati shu ediki, davlatlar o‘zini ikkita alohida emas, balki bitta, «yakuniy birlashish uchun maxsus jarayonda turgan» davlat deb baholadilar. 1992 yili davlat rahbarlari Koreya yarimorolida yadrosiz hudud haqidagi o‘zaro deklaratsiyani tayyorladilar.

Foto: Getty Images

Biroq, 1992 yili Shimol va Janubning munosabatlari yana keskinlashdi. KXDR Xalqaro atom energiyasi agentligi inspeksiyasini qabul qilishdan bosh tortdi va AQSh bilan Janubiy Koreyaning harbiy mashg‘ulotlarini qayta tiklanishiga norozilik bildirdi.

Ikkita mamlakat munosabatlarining zamonaviy holati

Ikkita mamlakat o‘rtasida muzokaralarni tiklashga urinish 2000 yilda yuz berdi. 15 iyun kuni Shimoliy va Janubiy Koreya navbatdagi «Shimol-Janub» deklaratsiyasini imzolab, tinch yo‘l bilan birlashishga kelishib olishdi.

Shimol va Janub mamlakatlarning birlashish masalasini mustaqil ravishda, o‘zaro hamkorlik asosida hal qilishga kelishib olishdi 

2000 yildagi «Shimol-Janub» deklaratsiyasidan

Foto: Getty Images

Imzolangan bitim gumanitar, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik asosida birlashishni ko‘zda tutar edi.

Biroq, bu safar ham jiddiy muvaffaqiyatga erishilmadi: 2013 yili KXDR yadrosiz hudud to‘g‘risidagi deklaratsiyaning amal qilishini bir tomonlama to‘xtatib qo‘ydi va yadro-raketa sinovlarini boshlab yubordi. Bundan tashqari, 2010 yil noyabr oyida shimolliklar qo‘shnisiga nisbatan bir qancha harbiy fitnalarni amalga oshirishdi va Yonpxyondo oroliga havodan zarba berib, 2 nafar dengiz piyodasini o‘ldirishdi.

Foto: Getty Images

2000, 2004, 2006 va 2018 yillardagi Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimida koreyaliklar bir jamoa sifatida ishtirok etishgan, biroq musobaqalarda alohida qatnashgan. Bundan tashqari, Janubiy Koreya va KXDR birlashgan ayollar xokkey jamoasi (Janubiy Koreyadan 23, Shimoliy Koreyadan 12 nafar xokkeychi) qishki olimpiadada ishtirok etgan bo‘lsa-da, boshqa sport turlarida KXDR va Janubiy Koreya alohida qatnashishdi.

Foto: PeongChang 2018

Aprel oyida KXDR va Janubiy Koreya rahbarlari ishtirokida tarixiy sammit o‘tkazildi: Kim Chen In Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In bilan demilitarizatsiya qilingan hududda uchrashib, mamlakatlarning birlashish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Ular navbatma-navbat mamlakatlarni ajratib turuvchi chiziqni kesib o‘tishdi, natijada tarixda ilk marotaba bir-birining hududida bo‘lishdi.

Sammitning asosiy voqeasi Koreya urushining rasman to‘xtatilishi haqidagi kelishuv bo‘ldi. Keyingi muzokaralarning mavzularidan biri - mamlakatlarni birlashtirish imkoniyatlaridir.

«Shimol va Janub kelajakda birlashadi, bunga ishonaman. Biz bir millatmiz, qonimiz bir. Biz ajralgan bo‘lishimiz mumkin emas», — dedi uchrashuvdan so‘ng Kim Chen In.

Top