11:15 / 02.05.2018
38087

Tarbiyachi bolalarga aytishi mumkin bo‘lmagan beozor iboralar

Tarbiyachilarga bolakaylar ko‘ngliga ozor bermaydigan, ularning nozik qalbini jarohatlamaydigan iboralar haqida so‘zlab bermoqchimiz.

Moskva davlat Pedagogika universiteti professori Tatyana Abdulovaningeng xavfli ibora va tavsiyalar maqolasida tarbiyachilarning bolalar bilan to‘g‘ri muloqot qilishida asqotadigan ma'lumotlar o‘rin olgan.  

Bolani kattalar va (yoki) uning tengdoshlaridan psixologik ajratish va tahqirlash.

Ibora namunalari: “U bilan gaplashmanglar, bir o‘zi o‘tirsin”; “Men seni ko‘rishni ham istamayman”.

Bu kabi so‘zlar bolaga kuchli darajadagi salbiy tarbiyaviy ta'sir ko‘rsatadi. Bola bu so‘zlarni eshitgach, o‘zini xo‘rlangan, keraksizdek his etadi. Bu iboralar bolaning ruhiy muvozanatini buzadi, shu bois ham bola bunga darhol o‘z munosobatini bildiradi: u arazlaydi va yakkalanib qoladi. Biroq keyin u jarohatlangan ko‘nglini asta-sekin tiklashga urinadi. Bundan tashqari, bunday salbiy iboralar bolalarni zaharlash uchun ham sharoit yaratadi, atrofdagi bolalar o‘zlarini xo‘rlangan bola o‘rnida ko‘ra olmaydi, lekin ular uning tahqirlanganini ko‘radi va u bolaning oldida o‘zlarini ustun his qila boshlaydi.

Mutaxassis tavsiyasi:  Tarbiyachining vazifasi -  bolalarni birgalikda ishlashga o‘rgatish. Shu bois, muloqot jarayonida bolani ajratuvchi jumlalardan emas,“Keling, Anyaga yordamlashamiz” qabilidagi  bolalarni hamkorlikda ishlashga ko‘maklashuvchi iboralardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Atrofdagilardan begonalashtiruvchi-chetlatuvchi iboralar.

Ibora namunalari: “Erkalanib ketsang, boshqa guruhga o‘tkazaman”; “Bas qilmasang, mudira xonasiga jo‘nataman”.

Tarbiyachilar bolalarning axloqsizligi uchun ularni jazolash maqsadida ana shu iboralarni qo‘llaydi – bolani unga notanish joyga olib borishlarini va'da qilishadi. Ayni paytda ushbu notanish joy faqat qo‘rqinchli bo‘libgina qolmay (hamshira xonasi, mudira kabineti), kamsituvchi bo‘lishi ham mumkin (hojatxona, omborxona). Ko‘pchilik bolalar notanish joyni xavf-xatar sifatida qabul qiladi va bu kabi ehtiyotsizlik bilan aytilgan iboralar ularda qo‘rquv hissining shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Mutaxassis tavsiyasi: Maktabgacha ta'lim yoshidagi bolaning eng asosiy va nozik ehtiyojlaridan biri - bu uning xavfsizlik va o‘zining qabul qilinishiga bo‘lgan ehtiyojidir. Bolalar bog‘chasida ushbu ehtiyojlar shundoq ham bolalarning ota-onalari bilan ayrilgani sababli buziladi. Vaziyatni yanada murakkablashtirmaslik uchun, bolalar bilan muloqot jarayonida ushbu guruhga oid iboralarni qo‘llamaslik darkor.

Bolaning qadr-qimmatini tushiruvchi va shaxsiyatiga teguvchi iboralar.

Ibora namunalari: “O‘zinggga bir qara-chi, kimga uxshaysan...”; “Senga o‘xshagan bola bilan kim ham o‘ynardi”; “O‘qimasang – ahmoqligingcha qolib ketasan”; “O‘zingni yosh boladek tutaversang, seni kichik guruhga topshiraman”.

Bu guruhga kiruvchi iboralar bolaga baho beradigan iboralardir. Ular bolada o‘z qadr-qimmatini shakllantirishiga to‘sqinlik qiladi. Bundan tashqari, bolalar pedagoglarning ularga bergan bahosiga tez ko‘nikadi: “Axir uning yoshi katta, mening qandayligimni biladi”. Bolani yomon deb baholashlaridan so‘ng, unga tarbiyaviy ta'sir o‘tkazish mushkul.

Mutaxassis tavsiyasi:  Bolada tanqidiy fikr va o‘z harakatlarini to‘g‘ri baholash ko‘nikmalarini shakllantirish uchun umumiy va qat'iy ohangdagi gaplardan qochish lozim. Maktabgacha tarbiya yoshida bolada o‘z qadr- qimmatini yuksak baholash darajasi yuqori bo‘ladi, shu bois ham tarbiyachi har qanday vaziyatda uning axloqini bola bilan birgalikda ko‘rib chiqishi kerak.

Salbiy (negativ) kelajakni shakllantiruvchi iboralar.

Ibora namunalari: “O‘zingni shunaqa tutaversang, bilmadim bu ketishda  qayoqqa borasan”; “Agar yana bir marta shunaqa qiladigan bo‘lsang, seni bog‘chadan haydab yuborishadi”, “Agar kam ovqat yesang, kichkina, ozg‘in bo‘lib qolib ketasan”.

Tarbiyachi bu kabi iboralarni qo‘llash orqali bolada salbiy kelajak haqida tasavvur va vaqtga nisbatan noto‘g‘ri tushuncha paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bolalar passiv bo‘lib ulg‘ayadi,  ularda o‘z kelajagiga, istiqboliga nisbatan ijodkorlik qobiliyati susayadi. Bu keyinchalik ularning maktabda ta'lim olishiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Bolalarni yeyishga majburlash ularda stress holatiga, ovqatlanishga nisbatan noto‘g‘ri ko‘nikmalarning shakllanishiga olib kelishi mumkin.

Mutaxassis tavsiyasi:  Pedagog bolalar hayotini pozitivlik bilan to‘ldirishi, ularda o‘z qadr-qimmatini to‘g‘ri baholash ko‘nikmasini mustahkamlashi, o‘zlari erishgan kichik muvaffaqiyatlarni to‘g‘ri anglab yetishga yordam berishi, “Sen endi buni o‘zing bajara olasan”, “Sen buni uddalaysan” qabilidagi so‘zlardan foydalanishi kerak.

 

Mazmunida gender cheklovlari mavjud bo‘lgan iboralar.

Ibora namunalari: “Sen o‘zingni xuddi o‘g‘il(qiz) boladek tutyapsan”; “Ana shunday yomon bo‘laversang, seni hech kim kelin qilmaydi. Bunaqalar kimga ham kerak?”; “Haqiqiy o‘g‘il bolalar yig‘lamaydi”.

Bunday iboralar bolalar gender xulq atvori, o‘zlarini ma'lum jins vakili ekanligini endigina anglab yetayotgan muhim jarayonning zil ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. O‘g‘il bolalar boshqalarni himoya qilish, o‘z manfaatidan  o‘zgalar manfaatini ustun bilish, dunyoni o‘zgartirish kabi qobiliyatlari orqali o‘zlarini o‘g‘il bola ekanligini tushunib yetadi. G‘amxo‘rlik, mehribonlik, boshqalar bilan muloyim munosabatda bo‘lish orqali kelishuvchanlik kabi qobiliyatlari qiz bolalarga xosdir.

Mutaxassis tavsiyasi:  Tarbiyachi bu borada bolalar uchun muhim sharoitlar yaratib berishi lozim, bunda bolalarning o‘z tengdoshlari bilan o‘zaro munosabatda bo‘lishi, atrofdagi insonlar va kattalarning axloqiy namunalari aks etgan o‘yinlar tashkil qilish maqsadga muvofiqdir.

Bolada o‘z mustaqil fikri va  tashabbuskorligiga nisbatan shubha uyg‘otadigan iboralar.

Ibora namunalari: “Hamma bu ishni  bajara oladi, bitta sen eplay olmaysan”;  “Qayerda bunaqa uyni ko‘rgansan. Shu ham uymi, qorovulxonaning o‘zginasi!”; “Qo‘lmi bu nima, shunaqa ham bajarasanmi ishni?”; “Nima, menga hamma narsa mumkin deb o‘yladingmi?”.

Bu kabi iboralar bolalarda tashabbuskorlikni so‘ndiradi. Ularda o‘ziga nisbatan ishonchsizlikni paydo qiladi, mashg‘ulotlarga qiziqishi susayadi. Ayni damda, aynan maktabgacha tarbiya yoshida bolalarda  tashabbuskorlik, maqsadga intilish,  o‘z g‘oya va maqsadlarini taqdim etish kabi fazilatlar shakllanadi.

Mutaxassis tavsiyasi:  Bolalardagi faollikni chegaralamaslik, aksincha, ma'lum muammo yechimiga doir oqilona fikrlar taklif etish kerak. Masalan, har bir bola  o‘z g‘oyasini taqdim eta oladigan o‘yin tashkil qilsa ham bo‘ladi. Pedagog vazifasi bolalarning qiziqishlarini e'tiborga olgan holda, ularni ro‘yobga chiqarsa bo‘ladigan, samarali bo‘lishiga yordam berish, ulardagi mustaqillikni rag‘batlantirish: “Buni qanday o‘ylab topding, qanday ajoyib fikr!”

Bolani ota-onalar tomonidan tahqirlaydigan iboralar.

Ibora namunalari:  “Nima bo‘lganini oyingga aytishim kerak”; “Nima, sen dadangni xafa qilishni hohlayapsanmi?”; “O‘zingni shunaqa tutsang, oying seni uyga olib ketmaydi”.

Bu kabi so‘zlar har taraflama zararli hisoblanadi. Bunday iboralar bolalarni qo‘rqitadi, ularning ota-onasi bilan bo‘lgan emotsional  hislarini barbod etadi, bolada tahqirlanish va keraksizlik  hislarini paydo  qiladi, ota-onalarni esa  xavf-xatar va jazolash manbai sifatida ko‘rishga olib keladi.

Bundan tashqari, bu kabi salbiy iboralar do‘q-po‘pisa, sotqinlikni ifodalaydi hamda tarbiyachining bola hatti-harakati bo‘yicha  javobgarlikni o‘z bo‘yniga olishi va muammoni shu yerning o‘zida hoziroq hal qilishga tayyor emasligini ko‘rsatadi.

Mutaxassis tavsiyasi: Tarbiyachi guruhda paydo bo‘ladigan  har qanday muammoni o‘z maqomi darajasida hal qila olishi kerak. Bunda bola bilan ishlash, muayyan muammoni ularning onalari kelishini kutib o‘tirmagan holda, shu zahotiyoq hal qilish yo‘llarini birgalikda izlashi lozim.

To‘rabek To‘rayev tayyorladi.

Top