16:27 / 02.05.2018
19538
O‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi haqida

Yer tuzish va kadastr organlari tomonidan o‘tkazilgan respublika ko‘chmas mulk fondining yalpi xatlovi yakka tartibda uy-joy qurish sohasida, ayniqsa, qishloq joylarida qonuniylikni ta'minlash masalalarida tizimli xatolar va jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligini ko‘rsatdi.  2 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni ahamiyati va ijrosiga bag‘ishlangan Xalqaro Press-klub sessiyasida shu haqida ma'lum qilindi.

Uy-joyga ega bo‘lish va qurishning qonuniy mexanizmlari mavjud bo‘lishiga qaramay, minglab fuqarolar ko‘p yillar davomida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yakka tartibda uy-joylarni noqonuniy barpo etishgan. Bunday holatlarning yuz berishiga davlat organlari, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat, shu jumladan, yer kadastri, arxitektura va qurilish sohasidagi vakolatli organlarning beparvoligi sabab bo‘ldi.  Fuqarolarga yer uchastkalarini uy-joy qurish uchun muayyan to‘lov evaziga noqonuniy berish yuzasidan fermer va dehqon ho‘jaliklarining til biriktirishi bo‘yicha ko‘plab holatlar mavjud.  Natijada ushbu muammo butun respublika bo‘yicha ommaviy tus oldi va uy-joy uchun zarur hujjatlarning mavjud emasligi aholida boshqa ijtimoiy muammolarning kelib chiqishiga, xususan, haqiqatda yashab turgan joyga propiska qilinishi, mulk huquqiga ega bo‘lish va uni amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligiga olib keldi.  Fuqarolarning uy-joy mulkiga kadastr hujjatlarini berishni so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga 5 mingdan ortiq, deputatlar, senatorlar, davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullarda 3 mingdan ziyod murojaatlari kelib tushgan.  Uy-joyga doir huquqlarning amalga oshirilishi va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, yer uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, fuqarolarga tegishli bo‘lgan turar joylarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ko‘maklashish maqsadida 2018 yilning 20 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmon bilan fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi e'lon qilindi. Unga ko‘ra, 2019 yil 1 maygacha mazkur Farmon qabul qilingan vaqtga qadar qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga, ya'ni o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi ushbu obektga o‘z shaxsiy mulki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilayotgan shaxsga quyidagi shartlar asosida:
  • ushbu yer uchastkasi (uchastkaning bir qismi) unga qonun hujjatlariga muvofiq turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lmagan yer maydonida joylashmagan bo‘lsa;
  • o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini buzmayotgan bo‘lsa, shuningdek, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasa yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasa e'tirof etiladi.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etiladigan Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e'tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha komissiyaning taqdimnomasiga ko‘ra tuman (shahar) hokimining qarori bilan;
  • umumiy mulk huquqi haqidagi fuqarolik va oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining qoidalariga amal qilish sharti bilan;
  • eng kam ish haqining besh baravari miqdorida bir martalik yig‘im to‘langandan keyin amalga oshiriladi.

Shuningdek, Farmonda bir martalik aksiyaning amal qilish muddati tugagunga qadar:

  • sudlarga o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash bo‘yicha da'vo kiritishni to‘xtatib turilishini, qonun hujjatlariga asosan turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lmagan yer maydonida joylashgan yer uchastkasida (uchastkaning bir qismida) qurilgan obektlar bundan mustasno;
  • sudlarning turar joy sifatida foydalanilayotgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash to‘g‘risidagi ko‘rib chiqilayotgan da'volar hamda ijro qilinmagan qarorlari bo‘yicha belgilangan tartibda kelishuv bitimlari tuzilishini ta'minlash nazarda tutilgan.
Top