15:44 / 03.05.2018
8166

Tailandda biryo‘la uch organ transplantatsiyasi o‘tkazildi

Foto: RIA Novosti / Varvara Gerte

Bangkokdagi shahzoda Maxidola Universiteti tibbiyot fakulteti va Sirirat shifoxonasi shifokorlari tomonidan Osiyoda birinchi marta biryo‘la uch organ transplantatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tailandning Uchinchi milliy telekanali shu haqida xabar berdi.

12 soatlik operatsiya davomida 26 yoshli bemorga yurak, jigar va buyrak ko‘chirib o‘tkazildi, deyiladi xabarda. Osiyodagi birinchi va jahon tibbiyot tarixidagi o‘n beshinchi bunday operatsiya 2017 yilning 3 dekabr kuni o‘tkazilgan. Shunday bo‘lsa-da, uning muvaffaqiyatli o‘tkazilganiga doir ma'lumot 2 mayga kelibgina e'lon qilingan. 

8 yoshidan beri buyraklar kasalligidan aziyat chekkan bemor so‘nggi yillarda haftada uch marta gemodializ muolajasidan o‘tishga to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, bemorning jigari va yuragida buyraklar kasalligi natijasida yaqin vaqt ichida butunlay ishlashdan to‘xtashiga olib kelishi mumkin bo‘lgan asoratlar rivojlangan. 2017 yilning avgustidan bemor shifoxonada donorlik organlarini kutib vaqt o‘tkazgan, deyiladi manbada. 

Operatsiyani o‘tkazgan shifokorlarning telekanalga ma'lum qilishlaricha, transplantatsiya uchun uch organ ham bir donordan olingan.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, bemor fevral oyi oxirida doimiy tibbiy kuzatuv sharti bilan shifoxonadan chiqarilgan. Operatsiyadan keyingi besh oy davomida ko‘chirib o‘tkazilgan organlar bilan bog‘liq hech qanday muammolar bo‘lmagan. Aynan shuning uchun operatsiya natijalari haqida endi e'lon qilishgan. 

 

Mavzuga oid
Top