01:44 / 06.05.2018
16014

“Odamzot tomonidan yaratilmagan jurnal”: sudyalar da'vogar mehnatini ana shunday baholashdi

Toshkent shahar Iqtisodiy sudi Appelyatsiya instansiyasining 2018 yil 5 martdagi №1001-1731/15747-son qarorida “odamzot tomonidan yaratilmagan jurnal” haqida so‘z boradi. Qanday qilib jurnal, ya'ni bosma nashrda qog‘ozdan tayyorlangan mahsulot o‘z-o‘zidan paydo bo‘ldi?

Gap shundaki, tadbirkor Anvar Jalolov “Hisobot jurnali” nomi bilan mahsulot chiqarib, uni uzoq yillardan buyon sotuvga qo‘yib kelgan. Bu jurnal Jalolovning ilmiy ishi natijasida yaratilgan.

Lekin 2017 yilning avgustida mazkur mahsulot o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirilib “Spectrum media group” MChJ (SMG korxonasi) tomonidan soxta (kontrafakt) tovar sifatida bozorda sotilgan. Buni ko‘rgan Jalolov, avvaliga, o‘z muallifligini asoslash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga murojaat qilgandi. Uning xulosasini olgach, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish ​Departamenti Toshkent shahar Chilonzor tuman bo‘limiga murojaat qilgan. Departament arizachiga sudga murojaat qilishni tavsiya etgan. Ko‘rsatma bo‘yicha Jalolov Toshkent shahar tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilgan. Bu sud, tabiiyki, Agentlikning xulosasi asosida da'vogarning da'vosini qondirgan va soxta mahsulot ishlab chiqargan tadbirkorga qonunda belgilangan choralarni qo‘llagan. 

Shu bilan adolat tantana qildi, deb bu xabar yakunlanishi kerak edi, lekin qiziq voqealar shundan so‘ng ro‘y bera boshladi. Avvaliga soxta mahsulot ishlab chiqargan tadbirkor – SMG korxonasi o‘zining xatti-harakatlarini noto‘g‘ri ekanligini tan oldi, kichik miqdorda tovon to‘lashini muallifga bildirdi va buning evaziga muallif o‘zining barcha talablaridan voz kechishi zarur edi. Bo‘lmadi, keltirilgan zarar hajmida kelisha olinmadi. Shundan so‘ng javobgar tomon apellyatsiya instansiyasiga murojaat qildi.

“Apellyatsiya instansiyasida ishtirok etayotgan paytda va sud yakunida e'lon qilingan qarorni eshitganda qandaydir tush ko‘rayapman, deb o‘yladim”, – deydi A.Jalolov. – “Sudyalarning mulohazasiga asosan, emishki, jurnal odamzot tomonidan yaratilmagan, u ijodiy mehnat mahsuli emas va yakka tartibda ishlab chiqarilmagan. Vaholanki jurnal muqovasida mening ismim va familiyam yozib qo‘yilgan. Bunday xulosadan maqsad shuki, agar meni odam emas deb topishsa, unda mendagi mualliflik huquqi yo‘qoladi, demakki, bunday huquq javobgar tomonda paydo bo‘ladi”.

Shunday ham bo‘ldi. Apellyatsiya sudining yuqorida tilga olingan Qarori asosida bugungi kunda sakkiz yildan buyon jurnalni chiqarib yurgan, bir necha o‘n minglab odamlarga bu mahsulotdan qanday foydalanish yuzasidan seminarlar, reklamalar uyushtirib mahsulotni xaridorgir qilgan haqiqiy muallif – muallif emas, deb topildi.

Tadbirkorning aytishicha, shu vaqtning o‘zida, xaridorgir mahsulotni bir necha kunda o‘zlashtirib, birdan paydo bo‘lgan “soxta muallif” – tovarning egasiga aylandi! Ustiga-ustak Jalolovdan 3 mln. 508 ming 325 so‘m jarima undirilgan. Aybdor o‘z aybini tan olib, tovon to‘layman deb turgan bir paytda, sud uni aybsiz deb topib, haqiqiy muallifni jarimaga tortgan.

Sud qarorini ko‘rib chiqar ekanmiz, Intellektual mulk agentligining ish yuzasidan bir nechta xulosalari inobatga olinmaganiga guvoh bo‘ldik. Bunga sudyalar shunday izoh berishgan: «Agentlikning fuqaroning murojaatiga bergan javob xati rasmiy xulosa hisoblanmaydi va sud jarayonida dalil sifatida o‘tmaydi».

Tadbikorni qiynayotgan masala ham aynan shu: agar agentlikning javob xati dalil sifatida tan olinmasa, unda nima uchun sud alohida ekspertiza tayinlamagan? Sudning o‘zi rasman murojaat qilib, dalilga o‘tadigan ko‘rinishdagi xulosani olishi mumkin edi-ku. Nima uchun shu ishni qilishmagan? Yoki hech bo‘lmasa, sud jarayoniga mutaxassis sifatida jalb qilinib, da'vogarning tarafini olib, «jurnal intellektual mulk obekti hisoblanadi» deya xulosa bergan Intellektual mulk agentligi xodimining so‘zlari nima uchun inobatga olinmadi?​

Xullas, oxir-oqibat apellyatsiya instansiyasining sudyalari B.Shomaqsudov, A.Usmanov, B.Israylovlar: na Intellektual mulk agentligining – «muallif A.Jalolov» degan xulosasiga (vaholangki, aynan shu Agentlik mualliflik huquqini belgilash vakolatiga ega tashkilot hisoblanadi), na Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining – «mazkur jurnal A.Jalolovning ilmiy ishi» degan xulosasiga, na muallifning o‘zi tomonidan keltirilgan asoslarga quloq solmadi. Javobgar esa nashrga ruxsat yoki ijodni tasdiqlovchi bironta asosni taqdim etmadi, lekin u g‘olib!

O‘ylaymizki, tegishli davlat organlari bunday kulguli yuridik holat bo‘yicha o‘z xulosalarini beradilar va ularni biz o‘z xabarlarimizda o‘quvchilarimizga taqdim etamiz.

P.S: Apellyatsiya sudining qarori, Birinchi instansiya sudining qarori, Intellektual mulk agentligining xulosasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi vakilining tushuntirish xatlari KUN.UZ tahririyatiga ilova qilib yuborilgan.

Ilyos Safarov

Top