12:13 / 07.05.2018
8327
BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi: Tojikiston hukumatiga ko‘plab savollar tug‘ilmoqda

Dushanbe shahrida BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasidagi Tojikiston milliy hisoboti rasmiy eshituvlari bo‘lib o‘tdi.

Interaktiv muloqot davomida Tojikiston davlat delegatsiyasi rahbari Yusuf Rahmon mamlakatda tegishli tuzilmalar ishining natijalari va Qiynoqlarga qarshi konvensiya standartlarini amalga oshirishdagi o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi.

Bosh prokurorning hisobotidan so‘ng BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi vakillari avvalgi tavsiyalar asosida Tojikiston tomoni bajargan ishdan qoniqish bildirdilar. Shu bilan birga, Qo‘mita hali ham hal qilinmagan muammolarga e'tibor qaratdi va Tojikiston rasmiy delegatsiyasiga bir nechta savollar hamda ogohlantirish berildi.

Xususan, Qo‘mita respublikada hamon qiynoqqa solish va shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari mavjudligi yuzasidan tashvish bildirdi.

«Tojikiston delegatsiyasi hisoboti bo‘yicha ko‘plab savollar paydo bo‘ldi. Masalan, qiynoqqa solish va shafqatsiz munosabatda bo‘lishga oid ko‘plab holatlarda aybdorlar boshqa modda – «xizmat vakolatlarini suiiste'mol qilish» bo‘yicha jazolanmoqda», - deya ma'lum qildi BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi vakili F.Gayer.

Qo‘lga olinganlarning himoyadan foydalana olishi, shuningdek respublikada advokatlarning faoliyati bo‘yicha ham ko‘plab savollar paydo bo‘lgan.

«Qo‘lga olingan shaxslar o‘z vaqtida advokatlar, shifokorlar xizmatidan foydalana olmasligi bo‘yicha dalillar bor. Advokatura to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan so‘ng advokatlarning 70 foizi attestatsiyadan o‘tolmadi, bu fuqarolarning advokatlar xizmatidan foydalanish imkoni bo‘yicha shundoq ham murakkab vaziyatni yanada og‘irlashtirdi», - dedi BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi vakili.
 
Jamoatchilik tashkilotlari - Tojikistonda qiynoqlarga qarshi fuqarolik jamiyati koalitsiyasi a'zolari BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga respublikada bu boradagi ishlar haqida hisobot tayyorlashdi.
 
«Hujjat qiynoqqa solish va shafqatsiz munosabatda bo‘lishning boshqa shakllariga aloqador qonunchilik bazasi va huquqni qo‘llash amaliyoti haqida ma'lumotlarga ega, - deya aytib o‘tgan «Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mustaqil markaz» direktori Shoira Davlatova. – Hisobotda ozodlikdan mahrum etish (jumladan, militsiya uchastkalari, tergov izolyatorlari va axloq tuzatish) muassasalari, boshqa yopiq yoki yarim yopiq muassasalarda va Qurolli kuchlar safida qiynoqqa solish hamda shafqatsiz munosabatda bo‘lishga nisbatan fuqarolik jamiyati kuchli tashvishda ekani ta'kidlanadi».

Top