10:24 / 08.05.2018
28988

Qoplon politsiyachining uch yashar o‘g‘lini yeb qo‘ydi

Ugandadagi qirolicha Yelizaveta milliy bog‘ida qoplon politsiya xodimining uch yashar o‘g‘lini sudrab olib ketdi va yeb qo‘ydi. Bu haqda The Independent nashri xabar bermoqda.

Hodisa juma, 4 may kuni kechqurun yuz bergan. Bolakay ekvatordan bir necha kilometr janubda joylashgan Edvard ko‘li qirg‘og‘idagi ovchilar uychasida uy xizmatchisi bilan birga bo‘lgan.

Davlat tabiatni muhofaza qilish tashkiloti vakili Bashir Xangining so‘zlariga ko‘ra, ayol bola o‘zining ortidan ko‘chaga chiqqanini payqamay qolgan. U bola baqirganini eshitgan va unga yordamga oshiqqan, biroq kech qolgan: qoplon bolani sudrab olib ketgan.

Rasmiylar tomonidan boshlangan qidiruv ishlari natijasida yo‘qolgan bolaning bosh suyagi topildi. Uni otasiga berishgan. Bolaga hujum qilgan yirtqichni tutish rejalashtirilmoqda. «U inson go‘shtini yeb ko‘rganidan so‘ng, boshqa odamga hujum qilishga qaror qiladi», - deya aniqlik kiritgan Xangi.

Qirolicha Yelizaveta milliy bog‘i – Ugandada sayyohlar orasidagi eng mashhur qo‘riqxona. U yerda fil, buyvol, gippopotam, mangusta, shimpanze, babuin, sher, qoplon, sirtlon, chiyabo‘ri, kiyiklar va boshqa hayvonlar yashaydi.

 

Top