19:38 / 08.05.2018
4824
Luvr muzeyi boshchiligidagi Fransiya delegatsiyasi O‘zbekistonga kelmoqda
Foto: pixabay.com

9-11 may kunlari O‘zbekistonga Luvr muzeyi (Parij sh.) direktori janob Jan-Lyuk Martines boshchiligidagi Fransiya delegatsiyasi tashrif buyuradi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi. 

Tashrifdan maqsad - Luvr muzeyida O‘zbekiston milliy ko‘rgazmasining tashkilotchilik masalalarini muhokama qilish. Xususan, ko‘rgazmaning asosiy jihatlari, milliy ekspozitsiyaning dastlabki tarkibi, shuningdek muzey menejmenti sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinadi. O‘zbekistondagi muzeylar servisi, restavratsiyasi, kadrlar malakasini oshirish, muzey standartlari darajasini oshirish shular jumlasidandir.

Fransiya delegatsiyasi tarkibida O‘zbekistonga shuningdek Luvr muzeyi xodimlari - islom san'ati bo‘limi direktori Yannik Lints xonim, xalqaro munosabatlar bo‘limi rahbari janob Alberto Vial, islom san'ati bo‘limi arxeologi va Buxarig-n vohasidagi fransuz-o‘zbek arxeologik missiyasi hamrahbari Rokko Rante ham tashrif buyurishadi.

Tashrif doirasida Fransiya delegatsiyasining Oliy Majlis Senati, Madaniyat vazirligi, shuningdek O‘zbekiston musulmonlar idorasi vakillari bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Luvr muzeyi direktori janob Martines Samarqand shahridagi "Afrosiyob" muzeyi, shuningdek Toshkent shahridagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Tasviriy san'at muzeyi va Tarix muzeyiga borishi kutilmoqda.

 

Top