09:39 / 09.05.2018
4460
Jismoniy tarbiya va sport universiteti tuzilmasida maxsus ilmiy laboratoriya tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi.

Hujjat bilan quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018 yil 5 martdagi PF-5368-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti negizida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti (keyingi o‘rinlarda Universitet deb ataladi) tashkil etilganligi;

Universitet jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy va o‘qituvchi kadrlar tayyorlash, shuningdek, soha mutaxassislarini o‘qitish hamda tayyorlashning ilg‘or usullarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha respublikaning bazaviy oliy ta'lim, ilmiy-tadqiqot hamda ilmiy-metodik muassasasi hisoblanishi ma'lumot uchun qabul qilindi.

Universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xalqaro standartlar va kadrlar tayyorlashning ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda tegishli yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish;

o‘quv jarayonini tashkil etishning zamonaviy usullarini joriy qilish, yoshlarning sifatli oliy ta'lim olishlariga keng imkoniyatlar yaratish uchun yuqori darajada kasbiy pedagogik mahoratga ega bo‘lgan hamda sport sohasida yuqori natijalarni qayd etgan malakali, amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan xalqaro toifadagi sport ustalari va trenerlarini ta'lim jarayoniga keng jalb etish;

talabalarning mustaqil tayyorgarligini chuqurlashtirishni hisobga olgan holda nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni yanada optimallashtirish, ish beruvchilar ehtiyojidan hamda sportda yuqori natijalarni qayd etish talablaridan kelib chiqib, ularning kasbiy tayyorgarligini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv rejalarini, dasturlar va o‘quv-metodik materiallarni o‘quv jarayonida qo‘llash;

o‘quv, ilmiy va boshqa adabiyotlar, shu jumladan, xorijiy adabiyotlar fondini va sport sohasiga oid ta'lim resurslarini muntazam yangilab borish, o‘qitishning innovatsion metodlarini rivojlantirish, o‘quv jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash, talabalar, o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarning sport faoliyatiga oid xalqaro axborot va ta'lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, amaliyot, stajirovka o‘tash tartibini takomillashtirish;

tizimli asosda pedagogik va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish, sport muammolarini qamrab olgan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishni qo‘llab-quvvatlash, ta'lim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni keng jalb qilish, shuningdek, tayanch doktorantlar, doktorantlar hamda talabalarning akademik almashinuvini ta'minlash bo‘yicha yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari, tahliliy, tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash;

Universitetning xalqaro reytingi va raqobatbardoshligini oshirish maqsadida chet el fuqarolari uchun ta'lim olish imkoniyatini kengaytirish, sport faoliyatiga oid ijobiy xalqaro tajriba natijalaridan ta'lim jarayonida foydalanish, nazariy va amaliy bilimlarning sportda boshqaruv sohasi va trenerlik faoliyatida qo‘llash amaliyoti bilan uzviy bog‘liqligini sport tashkilotlari, ixtisoslashgan sport ta'lim muassasalari, sport federatsiyalari (uyushmalari) hamda jismoniy tarbiya va sport sohasining boshqaruv organlari bilan faol hamkorlik orqali ta'minlash;

Universitetning mavjud moddiy-texnika bazasi imkoniyati doirasida qo‘shimcha pulli xizmatlar (ijara, pulli o‘quv kurslari)ni yo‘lga qo‘yish orqali byudjyetdan tashqari mablag‘larni jalb qilishni kengaytirish, iste'dodli yoshlarni saralab olish (seleksiya) hamda respublika va xalqaro sport musobaqalarida olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha talabalar sport klublari hamda jamoalarini tashkil etish.

O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziriga, zarur hollarda, Universitetning tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

Jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilish, muammolarni aniqlash, har bir sport turi bo‘yicha sportchilar va jamoalarning tayyorgarlik tizimi dinamikasini hamda rivojlanish istiqbollarini belgilashga ko‘maklashish maqsadida Universitet tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmagan holda xodimlarning umumiy cheklangan soni 16 kishidan iborat bo‘lgan Sportchilarning texnik-taktik, psixofiziologik holatini o‘rganish va tahlil qilish bo‘yicha maxsus ilmiy laboratoriya (keyingi o‘rinlarda laboratoriya deb ataladi) tashkil etildi.

Quyidagilar laboratoriyaning asosiy vazifalari etib belgilandi:

sportchilarning texnik-taktik, psixofiziologik holatini va ularning jismoniy tayyorgarligini o‘rganish, jismoniy tarbiya va sport sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish;

sportchilarning turli darajadagi musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun sport turlari bo‘yicha terma jamoalarning o‘quv-metodik tayyorgarligini takomillashtirish, yuqori malakali sportchilar va zaxira sportchilarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tishi davrida kompleks ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;

sportchilarning tayyorgarligini (jismoniy, texnik-taktik, funksional, psixologik) har tomonlama tahlil qilish va modellashtirish;

mashg‘ulot yuklamalarini tahlil qilish, kutilayotgan sport natijalariga erishishga qaratilgan sport tayyorgarligini rejalashtirish va dasturlash;

jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy-texnik axborotlarni to‘plash, jismoniy tarbiya sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash;

jismoniy tarbiya va sport sohasida yangi metodikalar va texnologiyalarning ilmiy ekspertizasini tashkil etish hamda ularni amaliyotda qo‘llash mumkinligi to‘g‘risida xulosalar berish;

jismoniy tarbiya va sport sohasidagi dolzarb ilmiy muammolarga bag‘ishlangan ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, yig‘ilishlar tashkil etish;

professor-o‘qituvchilar, tayanch doktorantlar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, magistrantlar, trenerlar, sportchilar va boshqa mutaxassislar uchun ilmiy-metodik, o‘quv-metodik adabiyotlar nashr etish.

Belgilanishicha: 

laboratoriyaning ilmiy va rahbar xodimlari mehnatiga haq to‘lash respublika ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tartibiga muvofiq amalga oshiriladi;

laboratoriya buyurtmachi tashkilotlarning buyurtmalaridan kelib chiqib, sport sohasidagi ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini shartnoma asosida, buyurtmachi tashkilotning byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobiga amalga oshiradi.

Belgilanishicha, Universitet O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:

bir oy muddatda Universitetning ustavini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi;

2018 yil 1 avgustga qadar zarur o‘quv rejalari va dasturlari, o‘quv-metodik materiallar va qo‘llanmalar ishlab chiqilishini hamda ular Universitetning kafedralariga yetkazilishini ta'minlaydi;

2018 yil 1 sentabrga qadar Universitetning bo‘limlari, fakultetlari va kafedralarini yuqori malakali mutaxassislar hamda professor-o‘qituvchi kadrlar bilan ta'minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi.

Belgilab qo‘yilishicha, Universitetni saqlash xarajatlari 2018 yilda «Ta'lim» sohasi bo‘yicha tasdiqlangan byudjyet parametrlari doirasida, 2019 yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.

Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Top